G‘arb “Afg‘oniston o‘yini”ga qaytishga urinmoqda – Lavrov

Olam

image

G‘arb davlatlari “Tolibon” hokimiyatga kelganidan keyin tark etgan “Afg‘oniston o‘yini”ga qaytishga harakat qilmoqda. Agar G‘arbning harakatlari xolis bo‘lsa, Rossiya bunga qarshi emas. Bu haqda kecha, 23 aprel kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida so‘z ochdi.

“Biz shuni payqadikki, “Tolibon” hokimiyatga kelganidan keyin bu mamlakatdan chiqib ketgan G‘arb “Afg‘oniston o‘yini”ga faol ravishda qaytishga urinmoqda”, deydi vazir.

Lavrovga ko‘ra, G‘arb, xususan, BMT Kotibiyati orqali Dohada yig‘iladigan yangi maslahatlashuv formati – “Doha formati” deb nomlangan tashabbusni ilgari surgan. Uning fikricha, maqsad ravshan – G‘arb Afg‘onistondagi tashqi jarayonlarni asosan mintaqa davlatlari olib borganidan norozi.

“Ammo agar G‘arb davlatlarining bu umumiy sa’y-harakatlardagi ishtiroki xolis bo‘lsa va yashirin niyatlar bo‘lmasa, biz bunga qarshi emasmiz. Shu sabab biz ham “Doha formati”da ishtirok etyapmiz”, dedi Lavrov.

U, shuningdek, bu jarayon doirasida eksperimental asosda bir qancha ishchi guruhlar, jumladan, giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etilganiga e’tibor qaratgan.

“Hozircha BMT vakillari va G‘arb davlatlarining bu umumiy sa’y-harakatlarda ishtirok etishidan sezilarli natijalar ko‘zga tashlanmayapti. Biroq agar o‘zaro maqbul va eng asosiysi, Afg‘oniston rahbariyati uchun maqbul loyihalar bo‘lsa, biz bunga qarshi emasmiz. Eng muhimi – bu yerda yana ikkiyuzlamachilik va yashirin kun tartibi ilgari surilishiga yo‘l qo‘ymaslik”, dedi vazir.

Lavrov Afg‘oniston hukumatini tan olish va u bilan ishlash muhimligini ta’kidlab, bu borada ham fikrlarini bildirgan.

“Qobuldagi hukumat – bu reallik. Agar ideologiyaga asoslangan emas, balki pragmatik siyosat olib borilsa, u bilan hisoblashish kerak”, dedi u.

Lavrov Rossiyaning Afg‘oniston yo‘nalishidagi faolligini davom ettirishini ham urg‘ulagan. Ayniqsa, “Tolibon”ni terroristlar ro‘yxatidan chiqarish borasidagi qarorni alohida yodga olgan.

“Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyatga kelgach, biz yangilangan hukumat bilan ishlashni davom ettirdik”, deydi Rossiya Tashqi ishlar vaziri.

U Rossiya elchixonasining doimiy ravishda Qobulda faoliyat olib borishini va Afg‘onistondagi yangi hukumat bilan o‘zaro aloqalarni davom ettirganini qayd etgan.

“Bizning elchixonamiz hech qachon yopilmadi. Aksincha, har kuni yangi Afg‘oniston rahbariyati bilan barcha darajalarda samarali aloqada bo‘lganmiz”, deya ta’kidladi Lavrov.

Vazir, shuningdek, Afg‘onistonda ko‘p tomonlama formatlarning ishlashini qo‘llab-quvvatlab, “Moskva formati” kabi tashabbuslarni ta’kidlagan.

“Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar guruhi va Shanhay Hamkorlik Tashkilotida (SHHT) faol ishtiroki juda foydali”, deydi vazir.

Uning fikricha, bu formatlarning birlashgan tarzda ishlashi Afg‘onistonning kelajagi uchun ixtiloflarni kamaytirishga yordam beradi va mintaqaviy infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun ishonchni oshiradi.

Lavrov, shuningdek, Afg‘onistonning Markaziy Osiyo va boshqa qo‘shni hududlar bilan bog‘lanishini qo‘llab-quvvatlagan va bu o‘z navbatida, mamlakatning iqtisodiy mustahkamligini oshirishga yordam berishi mumkinligini ta’kidlagan.

Shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Shimoliy Atlantika Alyansining (NATO) harbiy infratuzilmasi Afg‘onistonga qaytishi xavfi haqida ogohlantirdi. U bu holatni “sekin harakatlanuvchi bomba” deb atadi.

“Har qanday bahona ostida NATO davlatlarining Afg‘onistonga harbiy infratuzilmani qaytarishga urinishlari – bu mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holatdir. Bunday urinishlar yangi portlashga tayyor bomba, ehtimol, hatto unchalik ham sekin bo‘lmagan bomba yaratadi”, dedi u O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Eslatib o‘tamiz, 17 aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi Bosh prokurorning Rossiyada “Tolibon” harakati faoliyatini taqiqlashni to‘xtatib turish haqidagi ma’muriy da’vosini qanoatlantirgandi. Moskvadagi Afg‘oniston elchixonasi “Tolibon”buning uchun Rossiyadan minnatdor ekanini bildirdi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Rossiya Tolibon G'arb

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing