“Menga hech narsa kerak emas”. Tashiyev onasining gapini esladi

Olam

image

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev boylik orttirishga intilmasligini va buning o‘zi yoki yaqinlari bilan sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdi. Bu haqda u bugun, 11 oktyabr kuni tibbiyot xodimlariga avtomobillarni topshirish chog‘ida aytib o‘tdi.

“Menga hech narsa kerak emas, boylik ham yo‘q. Xudo xohlasa, yetarli. Boylik to‘plash, aql bovar qilmaydigan darajada boyib ketish niyatim yo‘q. Bunday bo‘lmaydi. Menga ham, yaqinlarimga ham bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayman. Bizda hamma narsa bor, Xudoga shukr, yetadi”, deydi Tashiyev.

U odamlarga yordam berishga umid qilishini qo‘shimcha qildi.

“Xudo xohlasa, xalq bilan baham ko‘ramiz, degan umidimiz bor”, dedi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari.

Tashiyev onasining so‘zlarini esladi:

“Oyim ham shunday derdi: “O‘g‘lim, ko‘p jamg‘arma, katta boylik o‘zingga tegmasin, o‘g‘lim, odamlarga yordam ber”.

Bosh vazir o‘rinbosari 1990 yillardagi davrlarni ham esladi.

“O‘sha paytlarni, 90 yillarni hozir bilmaysiz. O‘zingiz ham kichkina bo‘lgandirsiz. O‘shanda ular maktabga bora olmasdi, uyda poyabzal ham, ovqat ham yo‘q edi”, deydi u.

Qamchibek Tashiyev Aliyma Tashiyeva nomidagi Onalar va bolalarni himoya qilish markazi xodimlariga 30 ta xizmat avtomashinasini sovg‘a qildi.

Tadbirda Tashiyev tibbiyot xodimlarining jamiyatdagi o‘rni haqida gapirib, ularning mehnati doimo hurmat va qo‘llab-quvvatlashga loyiq ekanini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, avtomobillar homiylik evaziga xarid qilingan. Markaz xodimlari ularga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi.

Tashiyevning aytishicha, Prezident Sadir Japarovning farmoyishiga ko‘ra, tibbiyot xodimlarini uy-joy bilan ta’minlash masalasi ham davlat nazoratida. U shifokorlar davlat ipoteka kompaniyasi orqali qonuniy ravishda uy-joy sotib olish imkoniyatiga ega ekanini eslatdi.

Joriy yilning 31 avgust kuni Qamchibek Tashiyev markazga tashrif buyurib, tibbiyot xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan va bemorlardan pul undirmaslik haqida qattiq ogohlantirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida Jogorku Kenesh (parlament) deputatligiga ayrim nomzodlar mamlakat rahbariyatining qo‘llab-quvvatlashi yoki duosini olgani haqidagi mish-mishlarga izoh bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Qamchibek Tashiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing