Menda nabirangizning mitti yuragi urib turibdi – Lola Yo‘ldosheva
Madaniyat-san’at
−
03 aprel 2020
39588Xabaringiz bor, joriy yilning 30 mart kuni “Tarona records” kompaniyasi ta’sischisi, o‘zbek shou-biznesi va prodyuserlik maktabi asoschisi Ravshan Yo‘ldoshev olamdan ko‘z yumdi. U 90-yillar o‘rtalarida mamlakatda yangi san’atkorlar, bastakor va shoirlar, shou-biznes olamining ilg‘or vakillarini yetishtirib chiqargan “Tarona” kompaniyasiga tamal toshini qo‘ygan edi.
Keyinroq, Ravshan Yo‘ldoshevning to‘ng‘ich farzandi Lola Yo‘ldosheva ham san’at yo‘lini tanladi.
Agar Ravshan Yo‘ldoshev hayot bo‘lganda kecha, 2 aprel kuni 59 yoshni qarshilagan bo‘lar edi. Uning qizi Lola Yo‘ldosheva ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi otasini quyidagicha xotirladi.
“Mening eng mehribon, eng yaxshi, eng aqlli, eng sevimli otajonim! Endi hech qachon sizni ko‘rmasligimga, maslahatingizni olmasligimga, ovozingizni eshitmasligimga, ko‘rishganimizda ikki marta o‘pmasligimga va nihoyat, ijod masalasida bahslashib, o‘zimning navbatdagi ishim uchun sizdan maqtov eshitmasligimga ishonish juda qiyin. Otajon, bizning aloqamiz hech qachon uzilmasligini bilaman, endi bu muloqot boshqacha, yangi energetik bosqichda bo‘ladi. Men buni bilaman va his qilaman.
Menda nabirangizning mitti yuragi urib turibdi, sizning bir parchangiz. Xudo uni menga bu yo‘qotishga chidashim va yangi hayot uchun kuchli bo‘lishim uchun hadya qildi. U, albatta, bobosi bilan faxrlanadi. Mehribon, aqlli, ajoyib inson bo‘lgani uchungina emas, betakror ijodkor, tarix yaratgan, bir necha avlod yetishib chiqqan O‘zbekiston zamonaviy estrada musiqasi asoschisi sifatida faxrlanadi. Tug‘ilgan kuningiz bilan, ota. Mening qahramonim, sizni cheksiz yaxshi ko‘raman. Barchaga hamdardlik so‘zlari uchun rahmat”, deb yozadi Lola Yo‘ldosheva.
Ma’lumot o‘rnida, Ravshan Yo‘ldoshev 1961 yilning 2 aprel kuni Xorazm viloyatida tavallud topgan. Yoshligidan Ichki ishlar idoralari xodimi bo‘lishni niyat qilgan Yo‘ldoshev 1985 yilda Toshkent davlat universitetini tamomlab, o‘sha yilning 23 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tergov boshqarmasi tergovchisi sifatida ish faoliyatini boshlagan. 1997 yilning iyul oyidan boshlab Ichki ishlar vazirligi Tergov boshqarmasi Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib, 2002 yilning 1 aprel kuni shaxsiy iltimosiga ko‘ra Ichki ishlar idoralaridan Qurolli kuchlar zahirasiga bo‘shatilgan. Xizmat faoliyati davomida 12 marta rag‘batlantirilgan.
Ravshan Yo‘ldoshev uch qiz va ikki o‘g‘ilning otasi edi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr