Men uni ogohlantirgandim – Japarov Tashiyevni MXDQdan quvishi haqida
Olam
−
09:24 20209 4 daqiqa
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevni lavozimidan ozod etishdan avval unga qo‘ng‘iroq qilib, bu masalada uni ogohlantirgan. Bu haqda Japarovning o‘zi “Kabar” agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Qaror qabul qilishdan oldin do‘stimga qo‘ng‘iroq qilib, bu yerdagi vaziyatni tushuntirdim, uni lavozimidan ozod qilayotganimni aytdim va shundan so‘ng qaror qabul qildim. Bu tezkor qaror bilan, aksincha, do‘stimni himoya qildim deb o‘ylayman. Chunki uning atrofidagilar, ularni “oqsoqol” deymizmi, “ko‘ksoqol” deymizmi, har holda, do‘stimni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirmoqda edilar.
Ular Qamchibek Tashiyev nomini niqob qilib, parlament deputatlari, mas’ul davlat xizmatchilari, shuningdek, jamiyatda taniqli shaxslarga "General tomoniga o‘tinglar," deya murojaat qila boshladilar”, deydi Japarov.
Japarovning alohida urg‘ulashicha, agar men Qamchibek Tashiyev lavozimidan ozod qilinmaganida, ko‘rsatilgan yo‘nalishda ishlaganlarning xatti-harakatlari tufayli bunday bayonotlar yanada ko‘payib ketgan bo‘lardi. Bu davlat apparati xodimlari o‘rtasida va jamiyatda bo‘linishga, qarama-qarshiliklarga olib kelishi mumkin edi. Aynan shu sababli u do‘stini lavozimidan ozod qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishga majbur bo‘lgan.
“Davlatdagi barqarorlik men uchun hamma narsadan ustun turadi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, lavozimidan ozod etilganidan bir kun o‘tib bayonot bilan chiqqan Qamchibek Tashiyevning o‘zi Prezidentning qarori haqida Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qilgandi. U o‘z bayonotida hatto shaxsiy tarkib bilan xayrlashishga imkon berilmaganidan shikoyat qilgan.
Tashiyev iste’fosi
Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi.
Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi.
2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.
Japarov va Tashiyev tandemi
Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.
Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.
2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.
Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.
So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi