Meliqo‘ziyev professional boksda navbatdagi jangini o‘tkazdi
Sport
−
03 noyabr
8709O‘zbekistonlik professional bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev chempionlik kamari uchun bugun, 3 noyabr kuni AQSHning Nevada shtati Las-Vegas shahrida amerikalik Devid Stivensga qarshi ringga ko‘tarildi va uni ochkolar hisobiga mag‘lub etdi.
Meliqo‘ziyev tezlik borasida raqibini ortda qoldirdi. O‘zbekistonlik bokschi o‘z uslubida raqibning tana qismiga tajovuzkorlik bilan hujum uyushtirdi va yaqin masofadan kross zarbalar berishga tayandi. Raqib buni oldindan ko‘rib turishi mumkin bo‘lsa ham zarbalarni o‘tkazib yubordi. U nisbatan sust harakatlandi.
12 raund to‘liq davom etgan murosasiz jangda Meliqo‘ziyev hakamlarning qarori bilan ochkolar (118-110, 117-111, 112-116) hisobiga ko‘ra g‘alaba qozondi hamda ikkinchi o‘rta vazn toifasida Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) chempionlik kamari uchun rasmiy va majburiy da’vogarga aylandi.
Jang yakuniga qadar 28 yoshli Meliqo‘ziyev ham, 24 yoshli Stivens ham profboksda bir xil, 14-1 statistikaga ega edi. Meliqo‘ziyevning g‘alabasi bilan hisobda farq yuzaga keldi. Bu Bektemir Meliqo‘ziyevning faoliyatidagi 15-g‘alabasi bo‘ldi.
Meliqo‘ziyev oxirgi jangini aprel oyida o‘tkazib, fransiyalik Per Xuber Dibombeni mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, Stivens iyun oyida argentinalik Serxio Lopsedan ustun kelgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq WBA birinchi yengil vaznda yaponiyalik mutlaq jahon chempioni Naoya Inoue va Sem Gudman o‘rtasidagi jang g‘olibi o‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev bilan to‘qnash kelishi borasida qaror qilgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi