Meksikada trassadan bir qop boshsiz jasad topildi
Olam
−
14 Oktabr
11491Meksika Milliy gvardiyasi xodimlari Xalisko shtatida Lagos-de-Moreno va San-Luis Potosi shaharlari o‘rtasidagi yo‘lda beshta boshsiz jasad topdi. Jasadlar qora polietilen xaltalarga o‘ralgan holda topilgan. Shuningdek, yana bir boshqa qopda ularning boshlari bo‘lgan, ammo ularning yoshini aniqlash hozircha imkonsiz. Bu haqda “Expansion politica” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Xalisko shtatida bir oydan ortiq vaqt davomida kartellar (daromadini oshirish va bozorda hukmronlik qilish uchun bir-biri bilan til biriktiradigan mustaqil bozor ishtirokchilari guruhi) va qudratli tuzilmalar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar hamda vandallik harakatlari davom etmoqda. Bu vaziyat AQSHda narkobaron Xoakin Gusmanning o‘g‘li Xoakin Gusman Lopes va Sinaloa kartelining asoschisi Ismael Zambada Garsiyaning qo‘lga olinishidan keyin boshlangan.
Mahalliy OAVga ko‘ra, to‘qnashuvlar Xoakin Gusmannin farzandlari boshchiligidagi Los-Chapitos va yaqinda qo‘lga olingan Ismael Zambada Garsiya rahbarligidagi Los-Mayos kartelining ikki guruhi o‘rtasida kechmoqda.
Qayd etilishicha, mamlakatda jamoat tartibini saqlash uchun armiya va milliy gvardiyaning katta kontingenti jalb qilingan. Xususan, Meksika Mudofaa vaziri Luis Kresensio Sandovalning so‘zlariga ko‘ra, Sinaloa shtati poytaxti Kulyakanda jamoat tartibini ta’minlash uchun 2,2 ming askar va turli qurolli kuchlar xodimlari joylashtirilgan. “Espejo” jurnali hisobotida keltirilishicha, o‘tgan bir oyda bu to‘qnashuvlar oqibatida 200 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 234 kishi bedarak yo‘qolgan.
Xalisko shtatidagi zo‘ravonliklar esa asosan Meksikaning eng kuchli va shafqatsiz jinoiy guruhlaridan biri bo‘lgan “Xalisko yangi avlod karteli” (CJNG) bilan bog‘lanmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-sentyabr oylari oralig‘ida Xalisko shtatida 1 415 kishi o‘ldirilgan. Butun Meksika bo‘yicha esa 2006 yilda hukumat armiyani narkotrafikka qarshi kurashga jalb qilganidan buyon 450 000 dan ortiq inson halok bo‘lgan va minglab odamlar esa bedarak yo‘qolgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Gerrero shtatidagi Chilpansingo shahrining meri Alexandro Arkos lavozimga kirishganidan bir hafta o‘tmay kallasi tanasidan ayrilgan holda topilgan edi. Mahalliy OAV uning boshi pikap yuk mashinasining kapotidan chiqqanini xabar qilgan.
LiveBarchasi