Meksikada sobiq vazir 38 yilga qamaldi
Olam
−
17 Oktabr
2457Meksikaning sobiq jamoat xavfsizligi vaziri, narkokartellarga qarshi kurashga boshchilik qilgan Jenaro Garsiya Luna AQSHda narkotik savdogarlaridan pora olganlikda ayblanib, 38 yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Garsiya Luna Meksika huquqni muhofaza qilish organlarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Xususan, 2001 yildan 2006 yilgacha u Federal tergov agentligini boshqargan, so‘ngra olti yil davomida Jamoat xavfsizligi vaziri bo‘lgan. Sobiq amaldor korrupsiyaga qarshi kurash bilan nom qozongan. Xususan, u ushbu mavzuda bir nechta kitob yozgan.
Garsiya Luna iste’foga chiqqach, AQSHga ko‘chib o‘tgan va 2019 yilda narkokartellardan, jumladan, mashhur “Sinaloa” karteli yetakchisi Xoakin Gusmandan pora olganlikda ayblanib, hibsga olingan.
Prokuratura sobiq mulozimni umrbod qamoqqa hukm qilishni talab qilgan, ammo sud 38 yil qamoq jazosi bilan cheklangan. O‘z navbatida, Garsiya Lunaning advokatlari narkokartel a’zolari ularning himoyasidagi shaxsga tuhmat qilganini ta’kidlab, faqat 20 yillik qamoq jazosi yetarli bo‘lishini da’vo qilgan. Biroq, sud hukmi o‘zgarishsiz qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksikaning Xalisko shtatida bir oydan ortiq vaqt davomida kartellar va qudratli tuzilmalar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar hamda vandallik harakatlari fonida Lagos-de-Moreno va San-Luis Potosi shaharlari o‘rtasidagi yo‘lda beshta boshsiz jasad topilgan edi.
LiveBarchasi