Meksikada poyezd avtobusni ikkiga bo‘lib tashladi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

Meksikada yuk poyezdi ikki qavatli avtobusga urildi va hodisa oqibatida avtobus ikki bo‘lakka ajralib ketdi, kamida 10 kishi halok bo‘ldi, yana 40 kishi jarohat oldi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, baxtsiz hodisa kecha, 8 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan ertalab soat 7 ga yaqin Atlakomulko shahrining sanoat hududida, poytaxt Mexikodan taxminan 130 km shimoli-g‘arbda joylashgan temiryo‘l kesishmasida sodir bo‘lgan.

Meksika shtati Fuqarolik mudofaasi agentligi voqea joyida ishlar davom etayotganini ma’lum qilgan, shtat prokuraturasi esa tergov boshlanganini bildirgan.

Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlarning yetti nafari ayol, uch nafari erkak bo‘lgan. Ba’zi jarohatlanganlarning ahvoli og‘ir.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda ikki qavatli avtobus tirbandlik sabab sekin harakatlanayotgani, shu payt poyezd kutilmaganda kelib, unga urilgani va avtobusni ikki bo‘lakka bo‘lib tashlagani aks etgan. Avtobusning old qismi temiryo‘l kesishmasi yonida qolgan, orqa qismi esa relsning narigi tomoniga o‘tib ketgan.

Avtobusning ichida 50 yo‘lovchi bo‘lgan. Eng ko‘p talafot avtobusning yuqori qavatida o‘tirganlarga yetgan.
Guvohlarning aytishicha, kesishmada na shlagbaum, na svetofor belgisi bo‘lgan.

Kanadadagi Kalgari shahrida joylashgan Canadian Pacific Kansas City temiryo‘l kompaniyasi hodisani tasdiqlagan va halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirgan. Kompaniya vakillari voqea joyida bo‘lib, rasmiylarga yordam berayotganini ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, Meksikada temiryo‘l kesishmalarida avariyalar soni nihoyatda ko‘payib ketgan. 2022 yilda 800 ta bunday hodisa qayd etilgan. 2020 yilda esa bu 602 taga teng bo‘lgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘oniston poytaxti Qobul shahri yaqinida yo‘lovchi avtobusi ag‘darilib ketishi oqibatida kamida 26 kishi halok bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

poezd avtobus Meksika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing