Meksikada qariyb 30 kishi suv toshqini qurboni bo‘ldi

Olam

image

Oxirgi bir necha kun ichida Meksikaning markaziy va janubiy hududlarida yuz bergan suv toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida 28 kishi halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

“Idalgo shtatining Tenango-de-Doria hududida sakkiz kishi, Sakualtipanda yana sakkiz kishi halok bo‘lgan. Bu hozircha bizda mavjud ma’lumotlar,” deydi shtat gubernatori Xulio Menchaka Salasar matbuot anjumanida.

Puebla shtati hukumati ma’lumotiga ko‘ra, tabiiy ofat kamida besh kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Huachinango munitsipalitetida ko‘chki oqibatida sakkiz kishi bedarak yo‘qolgan, shuning uchun qurbonlar soni ortishi mumkin.

Verakrus shtati gubernatori Rosio Nale esa Kasones daryosining qirg‘oqlardan toshib ketishi oqibatida Posa-Rika shahrining katta qismi suv ostida qolganini, ikki kishi halok bo‘lgani va bir necha kishi bedarak yo‘qolgani haqida ma’lum qilgan.

Fuqarolik mudofaasi milliy xizmati koordinatori Laura Velaskesning aytishicha, kuchli yomg‘irlar Meksikaning 32 shtatidan 31 tasida qayd etilgan. Eng katta zarar Verakrus, Puebla, San-Luis-Potosi, Keretaro, Idalgo va Gerrero shtatlarida kuzatilgan. Faqat Verakrusning o‘zida 38 munitsipalitet va 5 mingga yaqin uy zarar ko‘rgan, olti vaqtinchalik boshpanada 500 dan ortiq odam joylashtirilgan.

Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaumning so‘zlariga ko‘ra, harbiy kuchlar va fuqarolik mudofaasi xodimlari tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etmoqda, federal hukumat esa shtat gubernatorlari bilan bevosita aloqa o‘rnatgan.

Ob-havo mutaxassislarining ogohlantirishicha, siklonlar ta’sirida yuzaga kelayotgan kuchli yomg‘irlar Meksikada yaqin kunlarda ham davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq kuchli to‘fon ortidan Tayvanning Xualyan tumanida to‘g‘on yorilishi oqibatida kamida 14 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

suv toshqini Meksika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing