Meksikada dahshatli zilzila bo‘ldi (video)
Olam
−
12:26 8273 2 daqiqa
Kecha, 17 iyul kuni Meksikaning Tinch okeani sohillari yaqinida 7,4 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Hozircha qurbonlar va jiddiy talafotlar haqida ma’lumot yo‘q. Bu haqda AQSH Geologiya xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, zilzila mahalliy vaqt bilan soat 08:48 da Chyapas shtatidagi Puerto-Madero porti yaqinida, Gvatemala chegarasiga yaqin hududda yuz bergan. Uning epitsentri aholi punktidan taxminan 10 kilometr shimolda joylashgan.
Meksika Milliy seysmologiya markazining ma’lumotiga ko‘ra, asosiy zilziladan so‘ng 5,2 magnitudali takroriy yer silkinishi qayd etilgan. Zilziladan keyin AQSHning Milliy okean va atmosfera boshqarmasi epitsentrdan 300 kilometrgacha bo‘lgan qirg‘oq hududlari uchun sunami xavfi haqida ogohlantirish bergan. Oradan taxminan bir soat o‘tib, mazkur ogohlantirish bekor qilingan.
Meksika hukumati hodisadan so‘ng, xavfsizlik kuchlari va fuqaro muhofazasi xodimlarini voqea joyiga safarbar qilgan. Rasmiylarga ko‘ra, hozircha halok bo‘lganlar, jabrlanganlar yoki jiddiy vayronagarchiliklar qayd etilmagan.
Mamlakat Harbiy-dengiz kuchlari vaziri Raymundo Pedro Morales Anxeles ayrim plyajlarda sunami ta’siri sabab dengiz sathi yarim metrgacha ko‘tarilishi mumkinligini bildirib, fuqarolarni vaqtincha qirg‘oq hududlaridan uzoqroq turishga chaqirgan. Uning ta’kidlashicha, vaziyat nazorat ostida.
Shuningdek, Chyapas shtatining epitsentrga yaqin ayrim hududlarida ehtiyot chorasi sifatida aholi evakuatsiya qilingan. Mamlakatning janubi-sharqidagi boshqa hududlarda esa zilzila sezilarli oqibatlarga olib kelmagani bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Venesuelada joriy yilning 24 iyun kuni ketma-ket kuchli zilzilalar sodir bo‘lgan edi. Zilzila oqibatida mamlakat poytaxti Karakas shahrida turar joy binolari va boshqa inshootlar qulab tushgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni qariyb 4,5 ming kishiga yetgan.
Live
Barchasi