Kurs UZS

USD

12 938.20

-26.23

EUR

14 710.73

-33.72

RUB

159.51

1.23

Meksika mundialining yo‘qotilgan avlodi

Sport

Joriy yilning 3 aprel sanasidan Saudiya Arabistonida 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi start oldi. Ushbu yosh toifasidagi O‘zbekiston terma jamoasi ilk turda 3 aprel kuni Tailand termasini 4:1 hisobida mag‘lub etib, Jahon chempionatiga ilk qadamni tashladi. 6 aprel kuni ikkinchi turda Xitoyni 2:1 hisobida mag‘lub etgan holda joriy yil Qatarda bo‘lib o‘tadigan mundialga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. 9 aprel kuni esa mezbon Saudiya Arabistoni terma jamoasini yirik 3:0 hisobida mag‘lub etib, guruhda yetakchi sifatida keyingi bosqichga yo‘l oldi. Chorak finalda esa BAA terma jamoasiga to‘qnash kelgan O‘zbekiston terma jamoasi 3:1 hisobida g‘alaba qozondi va yarim finalga chiqdi. QALAMPIR.UZ ushbu turnir fonida, mazkur yosh toifasida mundialdagi ilk ishtirok, ya’ni 2011 yilda Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tgan mundialdagi O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari va natijalariga to‘xtalib o‘tadi.

Jahon arenalariga ilk qadam

O‘smirlar o‘rtasida ilk marta mundialga chiqqan  Aleksey Yevstafeyev  qo‘l ostidagi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Meksika maydonlaridagi Jahon chempionatida chorak finalga qadar yetib bordi.

Dastlab, ushbu jamoaning Osiyo kubogidagi ishtiroki haqida. 2010 yil U-16 Osiyo kubogiga Toshkent mezbonlik qildi. O‘zbekiston “A” guruhida Iordaniya, Indoneziya va Tojikistonni ortda qoldirib, guruh yetakchisi sifatida keyingi bosqichga yo‘l oldi. Yo‘llanma uchun Suriyaga qarshi maydonga tushgan O‘zbekiston 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Yarim finalda Avstraliya xuddi shu hisobda taslim etildi. Finalda esa Shimoliy Koreyaga 2:0 hisobida imkoniyat boy berildi. Ammo 2011 yilda Meksikada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga yo‘llanma qo‘lga kiritildi. Ushbu o‘yinni eronlik hakam Alirizo Fag‘oni boshqargandi va O‘zbekiston terma jamoasining ikki yetakchi futbolchisi Sardor Rahmonov va Abbos Maxsitaliyevni qizil kartochka bilan jazolagandi. Uchrashuv yakunida esa o‘sha vaqtlar O‘zbekiston futbol federatsiyasi rahbari bo‘lgan Mirabror Usmonov hakam bilan qo‘l berib so‘rashishdan bosh tortgandi.

2011 yilgi mundialda “D” guruhidan o‘rin olgan O‘zbekiston U-17 terma jamoasi AQSH, Yangi Zelandiya va Chexiyani ortda qoldirib, guruh yetakchisi sifatida keyingi turga yo‘l oldi. Dastlabki turda ikki yetakchi futbolchi Sardor Rahmonov va Abbos Maxsitaliyevsiz o‘ynagan O‘zbekiston Yangi Zelandiyaga yirik 4:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ikkinchi turda AQSH va uchinchi turda Chexiya bir xil 2:1 hisobida mag‘lub etildi. Nimchorak finalda Yevstafeyev shogirdlari eski tanish hisoblangan Avstraliyadan yirik 4:0 hisobida ustun keldi. O‘zbekiston terma jamoasi chorak finalda musobaqa favoritlaridan biri va yakunda finalgacha yetib borgan Urugvay to‘sig‘idan o‘ta olmadi va 2:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ammo mag‘lubiyatga qaramay,  Aleksey Yevstafeyev o‘z shogirdlari bilan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoalari orasida ilk bor mundialga chiqqani va chorak finalgacha yetib borgani bilan tarixga kirdi. Meksikadagi turnirda ishtirok etgan futbolchilaru murabbiylarga O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan avtomobil topshirilgandi.

Mundialda porlagan iqtidorlar

Jamoa bosh murabbiyi Aleksey Yevstafeyev qo‘l ostida ushbu Jahon chempionatida darvozabon G‘anisher Xolmurodov, himoyachi Javlon Mirabdullayev, yarim himoyachi Abbosbek Maxsitaliyev, hujumchilar Temur Hakimov va Bobur Davlatov kabi yorqin iqtidorlar o‘z mahorati bilan muxlislar nazariga tushdi. Ushbu turnirda Abbosbek Maxsitaliyev va Temur Hakimov 3 tadan gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Yuqorida sanab o‘tilgan futbolchilar mazkur mundialdan keyin o‘zbek futbolining kelajagi, milliy terma jamoani ham Jahon chempionatiga olib chiqadigan futbolchilar sifatida ko‘rilgandi. Maxsitaliyev va Hakimovga “Monako” va “Chelsi” klublaridan taklif tushgani haqida xabarlar tarqalgandi. Ammo aynan Meksikadagi musobaqadan keyin biror bir futbolchi aytarli karera qila olmadi. Ba’zilari jarohat, klubidagi raqobatga dosh bera olmay, faoliyatida keskin pasayish kuzatildi. Temur Hakimov esa kayf-safoga berilib, sport formasini yo‘qotgan degan taxminlar ham yangragandi. Shuningdek, omma orasida ushbu turnirda ishtirok etgan bir nechta futbolchilar futbol tili bilan aytganda “o‘qlangan”, ya’ni yoshi sun’iy kichraytirilgan degan taxminlar yurgandi. Balki shu narsa futbolchilarning yuksalishiga ta’sir qilgandir.

Meksikadagi turnirdan bir necha yil o‘tib, ya’ni 2013 yilda Turkiyada o‘tgan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatida 2011 yilgi turnirda ishtirok etgan tarkibdan Abbos Maxsitaliyev, Sardor Rahmonov, Maksimilan Fomin kabi futbolchilar ishtirok etib, guruhda uchinchi o‘rinni olgan holda keyingi bosqichga yo‘l oldi Nimchorak finalda Ahmadjon Musayev qo‘l ostidagi qo‘l ostidagi jamoa Gretsiyani 3:1 hisobida mag‘lub etib, chorak finalda Pol Pogba yetakchiligidagi Fransiyaga yirik 4:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Turkiyadagi musobaqadan keyin Abbos Maxsitaliyev faoliyati davomida “Paxtakor”, “Neftchi”, “Navbahor”, “Surxon”, “Yangiyer”, “Istiqlol” klublarida to‘p tepdi. Ayni vaqtga kelib, u Sirdaryo futbol assotsiatsiyasida faoliyat olib bormoqda.

Temur Hakimov esa Meksikadagi turnirdan so‘ng bir muddat “Paxtakor”da to‘p tepdi. Hattoki, o‘sha vaqtlarda Germaniyaning “Shtuttgart”, Angliyaning “Chelsi” va Rossiyaning “Zenit”klublaridan taklif olgan. 2013 yilda esa Turkiyada bo‘lib o‘tadigan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga kutilmaganda chaqiruv olmadi. Shundan keyin esa futbolchi “Andijon” safida ijara asosida o‘ynadi. Keyin Samvel Babayan Hakimovni yana “Paxtakor”ga qaytardi. “Sherlar” safida markaziy hujumchi pozitsiyasida o‘ynagan Hakimov OKMKga ijaraga ketishga to‘g‘ri keldi. Faoliyatida pasayish kuzatilayotgan futbolchi “Oq tepa”, “Dinamo”, “So‘g‘diyona”, “Obod”, “Neftchi”, “Qo‘qon-1912” to‘p tepdi. Hakimovning oxirgi jamoasi Samarqandning “Dinamo”si bo‘ldi. Oxir-oqibat 2023 yilda Meksikadagi turnir qahramonlaridan biri Temur Hakimov futbolchilik faoliyatini yakunladi.

2011 yilgi mundialda yana bir porlab chiqqan futbolchi himoyachi Javlon Mirabdullayev. Mirabdullayev Yevstafeyevning eng ishongan futbolchilaridan biri bo‘lgan. U himoya markazida Sardor Rahmonov bilan tandem sifatida o‘yin namoyish etgan. Turnirdan keyin himoyachi “Bunyodkor”, “Andijon”, “Metallurg” kabi klublarda to‘p tepdi. Mirabdullayevning oxirgi klubi Bekobodning “Metallurg” klubi bo‘ldi. 2022 yilda Mirabdullayev yuragidagi muammolar sabab futbolchilik faoliyatini yakunlashga majbur bo‘ldi. Temur Hakimov jamoadoshi Javlon Mirabdullayev haqida iliq fikrlarni bildirib o‘tgan.

“Agar Javlonda yurak bilan bog‘liq muammo bo‘lmaganida O‘zbekistonning eng yaxshi markaziy himoyachilaridan biri bo‘lar edi. U hattoki jahon darajasidagi futbolchi edi. “Bunyodkor” safida Osiyo Chempionlar ligasi”da ham o‘ynadi”, deydi Hakimov.

Urugvayga qarshi o‘yinda penaltini qaytargan darvozabon G‘anisher Xolmurodovni eslaysizmi? O‘sha vaqtlar terma jamoaning asosiy darvozaboni bo‘lgan Xolmurodov murabbiy Yevstafeyevning haqiqiy topilmasi hisoblanardi. O‘zbekistonning bir nechta yosh toifalarida darvozani qo‘riqlagan posbon Meksikadagi musobaqadan keyin bir muddat Muborakning “Mash’al” jamoasida o‘ynaydi. Keyin 2013 yilda u Kosonning “Alanga” jamoasiga o‘tadi. Darvozabon esa bir sabab bilan futbolchilik faoliyatini yakunlashga majbur bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Xolmurodov 2013 yilda murabbiy va klub rahbariyatiga harbiy xizmatga borishini va qaytganidan so‘ng o‘ynab keta olsa faoliyatini davom ettirishini bildirgan. Ko‘rinib turibdiki, G‘anisher Xolmurodov harbiy xizmatdan keyin faoliyatini tiklay olmagan va futbol bilan xayrlashgan.

Meksikadagi turnirda porlab chiqqan va hozirga qadar o‘z sport formasini saqlab qola olgan hamda mazmunli faoliyat olib borayotgan futbolchilardan biri bu “Paxtakor” yetakchisi Sardor Sobirxo‘jayev. Sobirxo‘jayev turnirdan keyin bir muddat “Paxtakor”ning yoshlar jamoasida so‘ng “Bunyodkor” safida to‘p tepdi. Sobirxo‘jayev 2013 yilda Turkiyada bo‘lib o‘tgan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionati uchun terma jamoaga chaqiruv oldi. Ushbu mundialda ham jamoaning asosiy futbolchilaridan biri bo‘lgan Sobirxo‘jayev chempionatdan keyin “Bunyodkor”ning ham asosiy futbolchilaridan biriga aylandi. 2016 yilda u Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi bilan shartnoma imzoladi. Jizzaxdagi yarim mavsumlik faoliyatdan keyin Sobirxo‘jayev Toshkentning “Obod” klubiga o‘tdi. “Obod”da bir mavsum to‘p tepgan futbolchi faoliyatini G‘uzorning “Sho‘rtan” klubida davom ettirdi. 2017 yilning yozida u yana “Bunyodkor”ga qaytdi. Ikki yilni “qaldirg‘ochlar” safida o‘tkazgan Sardor Sobirxo‘jayev 2019 yilning yanvarida Toshkentning “Paxtakor”iga ko‘chib o‘tdi. Ayni vaqtga qadar “sherlar” tarkibida to‘p tepib kelayotgan futbolchi “Paxtakor”ning asosiy futbolchisiga aylanib ulgurgan. Futbolchining narxi “Transfermarkt” portalida 500 ming yevroga baholangan. Sobirxo‘jayev Meksikadagi turnirdan keyin mazmunli faoliyat olib borgan kamyob futbolchilardan biri bo‘ldi.

2011 yilgi U-17 Jahon chempionatining yana bir ishtirokchisi yarim himoyachi Muhsinjon Ubaydullayev. Ubaydullayev Meksikadagi turnirga “Paxtakor” akademiyasidagi o‘yinlari bilan bosh murabbiy Aleksey Yevstafeyev tomonidan chaqiruv olgan. Musobaqada u O‘zbekiston terma jamoasining ishonchli futbolchilaridan biri bo‘lgan. Mundialdan keyin u “Paxtakor”ning asosiy jamoasida faoliyatini davom ettiradi. “Sherlar” safida 2-3 yil to‘p tepgan futbolchi 2015 yilda Farg‘onaning “Neftchi” klubiga o‘tdi. “Neftchi”dagi 3 yillik faoliyatdan keyin Ubaydullayev 2018 yilda Muborakning “Mash’al” jamoasiga ko‘chib o‘tdi. “Mash’al”da bir oy ham to‘p tepmagan futbolchi Navoiyning “Qizilqum”i bilan shartnoma imzoladi. 4 yil davomida navoiyliklar sharafini himoya qilgan Ubaydullayev 2022 yilning yanvarida Farg‘onaning “Neftchi”siga qaytdi. Ayni vaqtga kelib u farg‘onaliklarning asosiy futbolchilaridan biri sifatida faoliyatini davom ettirmoqda. Uning narxi “Transfermarkt” portalida 200 ming yevroga baholangan. Darvoqe, Ubaydullayev ham 2013 yilda Turkiyada bo‘lib o‘tgan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etgan.

Meksikadagi musobaqada porlab chiqqan yana bir o‘zbekistonlik himoyachi Sardor Rahmonov turnirdan keyin ham nisbatan yaxshiroq karera qila olgan futbolchilar qatoriga kiradi. Mundialdan keyin u Muborakning “Mash’al” klubida faoliyatini davom ettirdi. So‘ng u 2013 yilda Toshkentning “Lokomotiv”iga borib qo‘shildi. Roppa-rosa bir yil “temiryo‘lchilar” safida to‘p tepgan Rahmonov 2014 yilning fevralida Farg‘onaning “Neftchi” klubiga ko‘chib o‘tdi. 2 yilni “Neftchi”da o‘tkazgan Rahmonov 2016 yilda “Buxoro” bilan shartnoma imzolaydi. 2017 yilda u yana “Mash’al”ga qaytadi va 2019 yilda Olmaliqning OKMK klubiga ko‘chib o‘tadi. Ayni vaqtga kelib, Sardor Rahmonov o‘zbek futboli afsonasi Mirjalol Qosimov qo‘l ostidagi OKMKning asosiy himoyachilaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, Rahmonov ham 2013 yilda Turkiyada bo‘lib o‘tgan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etgan.

O‘zbekiston har bir sohada bo‘lgani kabi futbolda ham iqtidorlar mamlakati hisoblanadi. Ammo o‘sha iqtidorlarni saqlab qolish, faoliyatini mazmunli davom ettirishi avvalo, futbolchining harakati va murabbiylarning e’tiboriga bog‘liq bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon chempionati Meksika O'zbekiston U-17 terma jamoasi Abbos Maxsitaliev Temur Hakimov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing