Medvedev Yevropa davlatlariga “Oreshnik” bilan tahdid qildi (video)
Olam
−
10 yanvar 9841 1 daqiqa
Rossiyaning sobiq prezidenti va hozirda Xavfsizlik Kengashi raisining o‘rinbosari bo‘lgan Dmitriy Medvedev Yevropa davlatlariga “Oreshnik” raketasi bilan tahdid qildi. Bu haqda u o‘zining X sahifasida yozib qoldirdi.
Medvedev o‘z sahifasiga “Oreshnik” ballistik raketasining uchirilgani aks etgan videoni joylagan va tinchlik kelishuvi amalga oshirilgach, Ukraina hududiga qo‘shin yuborishga tayyor bo‘lgan Yevropa davlatlariga ushbu qurol bilan tahdid qilgan. U Moskvaning uzoq vaqtdan beri turib kelayotgan pozitsiyasini yana bir takrorlagan.
“Yevropadagi hukmron ahmoqlar baribir Yevropada urushni xohlashadi. Bu ming marta aytilgan: Rossiya Ukraina hududida bironta ham Yevropa yoki NATO qo‘shinlari bo‘lishini xohlamaydi, lekin yo‘q, Mikron (Fransiya Prezidenti Emmanyuel Makron) bu ahmoqona gaplarni davom ettirmoqda. Xo‘sh, unda mana shu narsani olasizlar”, degan u.
Shuningdek, Medvedev o‘z postiga Lvov shahriga “Oreshnik” raketasi zarbasi aks etgan kuzatuv kamerasi kadrlarini ham qo‘shib qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 9 yanvar kuni Rossiya Qurolli kuchlari Ukrainaning Lvov shahriga “Oreshnik” raketasi yordamida kuchli zarba bergandi. Bu harakat 2025 yil 29 dekabrdagi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Novgorod viloyatidagi qarorgohiga uyushtirilgan hujumga javoban amalga oshirilgan.
Live
Barchasi