Medvedev rus tilini bilmaydigan migrant bolasini maktabga qabul qilmaslikka chaqirdi (video)
Olam
−
01 noyabr
3809Kecha, 31 oktyabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev rus tilini bilmaydigan muhojirlar farzandlarini maktabga qabul qilishni to‘xtatish vaqti kelganini aytdi. Bu haqda sobiq prezident o‘zining VKontakte sahifasiga joylagan videosida so‘z ochdi.
Medvedevning so‘zlariga ko‘ra, bu borada tegishli amaliy ishlar ko‘rilmayotgani oqibatida umumiy ta’lim darajasi zarar ko‘rmoqda.
“Ijtimoiy faoliyat joylarida tez-tez muhokama qilinadigan vaziyat mavjud – bu maktablar va boshqa ta’lim muassasalari. Migrantlarning bolalari u yerga rus tilini bilmay boryapti. Bundan umumiy ta’lim darajasi zarar ko‘radi. Buni hamma biladi va buni tugatish vaqti keldi”, degan u davlat migratsiya siyosati bo‘yicha yig‘ilish yakunlari bo‘yicha nutqida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat Dumasining Mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Yaroslav Nilov Rossiya fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning bolalari uchun bog‘cha va maktablarda bepul ta’lim olishni bekor qiluvchi qonun loyihasini ishlab chiqqandi.
Shuningdek, Rossiyaning Sverdlovsk viloyatidagi bola huquqlari bo‘yicha vakil Igor Morokov OTB telekanalining “Aksent” dasturiga bergan intervyusida maktablarda tahsil olayotgan migrant oilalarning farzandlariga nogiron sifatida qarash kerakligini aytgandi. Morokov Rossiya maktablarida tahsil olayotgan, ammo rus tilini bilmaydigan o‘quvchilarning mavjudligi bilan bog‘liq muammoga shu tariqa “yechim” borligini ta’kidlagandi. Ombudsman bu o‘quvchilar soni kam bo‘lgan sinflarni tashkil etish va o‘qituvchilarga qo‘shimcha haq to‘lash imkonini berishini aytgan edi.
LiveBarchasi