Medvedev AQSHni Rossiyaning dushmani deb atadi

Olam

image

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev AQSH tomonidan joriy etilgan yangi sanksiyalarga javoban chiqish qilib, Trampni “so‘zamol tinchlikparvar” deb atadi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozdi. 

Medvedev Donald Trampning Budapesht sammitini bekor qilgani va AQSHning Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalari yuzasidan fikr bildirgan.

“Agar kimdadir hanuz illyuziyalar qolgan bo‘lsa, mana olinglar. AQSH – bizning dushmanimiz, ularning so‘zamol “tinchlikparvari” esa endi Rossiyaga qarshi urush yo‘liga to‘liq kirib oldi. Ha, u hozircha Kiyev tomonida faol urushmayapti, ammo bu endi uning mojarosi, qarib qolgan Baydenniki emas! Albatta, aytishadi: u boshqacha qila olmagan, Kongress bosim o‘tkazgan va hokazo. Ammo bu asosiy narsani o‘zgartirmaydi, qabul qilingan qarorlar – bu Rossiyaga qarshi urush harakatidir. Tramp endi aqldan ozgan Yevropa bilan to‘liq hamfikr bo‘ldi”, deb yozdi Medvedev.

Qayd etish joiz, oldinroq AQSH Moliya vazirligi Rossiyaning ikki yirik neft kompaniyasi – “Rosneft” va “Lukoyl”ga qarshi sanksiyalar joriy etganini e’lon qilgandi. Vazirlikning bayonotiga ko‘ra, bu chora Rossiyaning Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha tinchlik jarayoniga “jiddiy munosabat bildirmagani” bilan izohlangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentabr oyida Donald Tramp AQSH Qurolli kuchlari oliy qo‘mondonlari oldida chiqish qilib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan “hafsalasi pir bo‘lganini” aytgan va Dmitriy Medvedevni “ahmoq odam” deb atagan edi.

Undan avvalroq, avgust oyida esa Medvedev Trampning Ukraina urushi bo‘yicha ultimatumiga javob yozgan, shundan so‘ng Tramp uning so‘zlarini “ahmoqona va provokatsion” deb baholagandi.

Shuningdek, Tramp iyul oyida Medvedevni “muvaffaqiyatsiz prezident” deb atab, “so‘zlariga ehtiyot bo‘lish”ni maslahat bergan. AQSH Prezidenti Medvedev “juda xavfli hududga kirib bormoqda” deb qo‘shimcha qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Dmitriy Medvedev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing