Mehribon Aliyeva UNESCO’ning yaxshi niyat elchisi sifatida faoliyatini to‘xtatdi
Olam
−
15 noyabr 2022
8951Ozarbayjonning Birinchi vitse-prezidenti va birinchi xonimi Mehribon Aliyeva UNESCO Bosh direktori Odri Azulega maktub yo‘llab, unda ushbu tashkilotning yaxshi niyat elchisi sifatidagi faoliyatini yakunlagani haqida ma’lum qildi. Bu haqda bugun, 15 noyabr kuni UNESCO ishlari bo‘yicha Ozarbayjon milliy komissiyasi ma’lum qildi.
“Maktubda ta’kidlanishicha, Birinchi vitse-prezidentning hozirgi bosqichda Ozarbayjonning ozod qilingan hududlarini va mintaqani tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlardagi faol ishtiroki hamda bu boradagi alohida o‘rni hisobga olingan holda, uning UNESCO yaxshi niyat elchisi sifatidagi vazifalarini bajarishi mumkin emas”, deyiladi xabarda.
Murojaatda, shuningdek, Armaniston tomonidan bosib olinishi natijasida Ozarbayjonning madaniy merosiga yetkazilgan zararni baholash uchun UNESCO missiyasi tez orada Qorabog‘dagi ozod qilingan hududlarga yuborilishiga umid bildirilgan.
“Murojaatda Ozarbayjon bundan keyin ham UNESCO’ning asosiy tamoyillarini qo‘llab-quvvatlashi, ushbu tashkilot bilan hamkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirishi qayd etilgan”, deyiladi komissiya xabarida.
Aliyeva 2004 yildan beri UNESCO’ning yaxshi niyat elchisi hisoblanadi.
Mehribon Aliyeva 1964 yilda ozarbayjonlik taniqli olim, pedagog, fizika-matematika fanlari doktori, professor Orif Pashayev va Ozarbayjonning birinchi sharqshunoslik fanlari (ayol) doktori, filologiya fanlari doktori, professor Aida Imonguliyeva oilasida dunyoga kelgan.
Ozarbayjon davlat tibbiyot institutining davolash-profilaktika fakultetida tahsil olgan. Keyinroq, Moskva tibbiyot institutida o‘qishni davom ettirdi.
1983 yil o‘sha vaqtda SSSR Ministrlar kengashi raisi o‘rinbosari Haydar Aliyevning o‘g‘li Ilhom Aliyevga turmushga chiqdi. 1988 yildan 1992 yilgacha u Moskva ko‘z kasalliklari ilmiy-tadqiqot institutida faoliyat yuritdi.
2017 yil fevral oyida u Ozarbayjonning birinchi vitse-prezidenti etib tayinlangan edi.
Shuningdek, u mamlakatdagi eng yirik nodavlat tashkilot – Haydar Aliyev jamg‘armasiga rahbarlik qiladi. 2019 yilda Aliyeva “Rossiya-Ozarbayjon munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashdagi xizmatlari uchun” Rossiya Federatsiyasining “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
LiveBarchasi