Vashingtonda musht, Myunxenda kinoya: Aliyevlar oilaviy “hujum”ga uchradi
Tahlil
−
24 fevral 7118 8 daqiqa
Nafaqat Kavkazda, Yevropada, balki jahon miqyosida o‘tgan hafta Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev oilasi bilan muxolifat o‘rtasida yuzaga kelgan keskinlik diqqat markazida turdi. Mamlakat birinchi xonimi va vitse-prezidenti Mehribon Aliyevaning jurnalistning savoliga nisbatan nomutanosib javobi, Prezident Ilhom Aliyevning erkin matbuotga nisbatan keskin fikri va bunday g‘alvalar fonida kulibgina turgan Leyla Aliyevaning chehrasi, hech qancha o‘tmay AQSHda Aliyev muxoliflarining kaltaklanishi shular jumalisidan.
Etimologiyasiga ko‘ra “Olovlar yurti” ma’nosini beruvchi Ozarbayjonda esa siyosiy harorat goh mintaqa miqyosida atrofni alanga oldiradi, goh hammasi hech nima bo‘lmaganday davom etadi. Ichki masalalarda esa rasmiy Baku barqarorlik va taraqqiyotni ta’kidlar ekan, muxolifat mamlakat doxilida ham, xorijda ham o‘z ovozini eshittirishga urinmoqda. Bu qarama-qarshilik ba’zan diplomatik yo‘laklarda, ba’zan esa mehmonxonalar qarshisida namoyon bo‘ladi.
Myunxendagi sarosimali savollar
Germaniyaning Myunxen shahrida 13-15 fevral kunlari 2026 yilgi xavfsizlik konferensiyasiga borgan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev boshchiligidagi delegatsiya, xususan mamlakat birinchi xonimi va vitse-prezidenti Mehribon Aliyeva, Iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov va Prezident yordamchisi Hikmat Hojiyev ozarbayjonlik jurnalist va inson huquqlari faoli Emin Husaynovning keskin savollari ostida qoldi.
Husaynovning eng ko‘p shov-shuvlarga sabab bo‘lgan suhbatdoshi mamlakat birinchi xonimi va birinchi vitse-prezidenti Mehribon Aliyeva bo‘lgan. U jurnalistning demokratiya haqidagi savolini e’tiborsiz qoldirib, Ozarbayjonda demokratiya qay darajada ekanini aytishdan qochgan va Husaynovning shaxsiyatiga nisbatan keskin gaplar gapirgan.
“Ayol kishi kiyimida elchixona ichida yashiringan sizmidingiz? Sizga faqat sog‘liq tilayman”, degan Aliyeva.
Husaynov esa ayol kiyimida bo‘lmaganini aytib, vitse-prezidentning mamlakatdagi voqealardan to‘liq xabardor emas ekanligini gapirgan. Bu gap ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi. Davlatga yaqin nashrlar voqeani provokatsiya sifatida baholadi, mustaqil maydon esa uni erkin matbuot bilan munosabatlarning ramziy ko‘rinishi, deb talqin qildi.
Mana shu nuqtada onasi provokatsiyaga uchrayotgan Leyla Aliyevaning tirjaygan chehrasi tarmoqda memlarga sabab bo‘ldi. Shunday qilib, Ozarbayjonning birinchi raqamli oilasi Myunxendan bo‘g‘iq kayfiyatda qaytgan bo‘lishi ehtimolga ancha yaqin. Etika nuqtai nazaridan bu memlarni ko‘rsatmaslikka qaror qildik.
Mehribon Aliyeva hamda Emin Husaynov bilan yuz bergan holat ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng Ozarbayjondagi Baku TV nashri birinchi xonim Husaynovga qilgan shamasida nima demoqchi bo‘lganini izohlashga urindi.
Unga ko‘ra, balki yosh avlodga begona bo‘lgan bu savol orqali Mehribon Aliyeva ko‘pchilikka Emin Husaynovning o‘tmishdagi elchixona sarguzashtlarining ba’zi lahzalarini eslatmoqchi bo‘lgan. 1979 yilda Bakuda tug‘ilgan Emin Husaynov Kooperativ, Iqtisodiy va Baku davlat universitetlarida tahsil olgan. U jurnalist va faol holda ishlagan. 2014 yil avgust oyi boshida soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda ayblangan Emin Husaynov o‘zi boshqargan Muxbirlar erkinligi va xavfsizligi instituti ofisida tintuv o‘tkazilgani haqidagi xabarni olgach, darhol AQSH elchixonasiga borgan va u yerda yashirinishga harakat qilgan. Biroq elchixona amerikalik harbiy ayolga uylangan Husaynovning bu iltimosini rad etgan.
“Avgust oyi boshida Husaynov Bakudagi AQSH elchixonasida bo‘lib o‘tgan tadbirga boradi va elchixonaning muvaqqat ishlar vakili Derek Xogan bilan yolg‘iz qoladi. Elchi Richard Morningstar bir necha hafta oldin Bakuni tark etgan edi. Manbalarga ko‘ra, Emin Xoganga qog‘oz topshiradi. “Menga qanday yordam bera olasiz? Men hibsga olinishim mumkin”, deydi. Xogan yordam bera olmasligini aytadi”, deyiladi xabarda.
Baku TV’ning qo‘shimcha qilishicha, matbuot Husaynov diplomatik korpusda yashiringanini yozgan bo‘lsa-da, elchixona 12 avgust kuni raddiya berib chiqadi. U tashqi qiyofasini butunlay o‘zgartirib, sochlarini bo‘yaydi va boshqa kiyimlar kiyadi. Boshqa bir manbaning aytishicha, Husaynov, hatto odamlar uni taniydimi yoki yo‘qmi, bilish uchun shu shaklda tashqariga chiqadi.
Nihoyat, 18 avgust kuni ozarbayjonlik tanishi Eminni Shveysariya elchixonasi yaqinida tushirib qo‘yadi. Emin elchixona atrofidagi fuqarolik kiyimidagilar politsiya ekanligini tushunadi. Ular bilan ingliz tilida gaplashib, aldashga harakat qiladi. Avvaliga ular Husaynovni tanimaydi. Shunday qilib, Emin Husaynov Shveysariya elchixonasida taxminan 10 oy qoladi. 2015 yil 13 iyunda Ozarbayjon hukumati bilan muzokaralardan so‘ng u Shveysariya Tashqi ishlar vazirligining yuqori lavozimli diplomati Dide Burkxalter hamrohligida ushbu mamlakatga uchib ketadi.
Davlatga yaqin OAV vakillari “dejurniy” savollar bilan Prezidentni kutib olgan bir paytda, Husaynov mustaqil jurnalistlar nomidan intervyu so‘radi. Prezident esa yo‘lidan to‘xtamay: “Dunyoda mustaqil ommaviy axborot vositalari yo‘q”, dedi.
Shundan so‘ng Husaynov Prezidentni jurnalistdan mudoxala qilishga urinayotgan Iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborovga, keyinroq tolerant qarashlari bilan Ozarbayjon siyosatida ajralib turuvchi Prezident yordamchisi Hikmat Hojiyevga yuzlanib, mustaqil ommaviy axborot vositalari nomidan Ilhom Aliyevga savol bergani, lekin u javob bermaganini aytgan. Jabborov Husaynovning savollariga e’tibor ham qilmagan bo‘lsa, Hojiyev uni erkin ommaviy axborot vositasi deb hisoblamasligini bildirgan.
Aliyev yana “hujum”ga uchradi
Ammo hali Myunxendagi bo‘hronlarga chap berib ulgurmagan Aliyev janoblarini Vashingtonda “Tinchlik kengashi”ning birinchi majlisidan keyin yana ajoyib syurprizlar kutib turgandi. Vashingtonda ham diqqat markazidagi sahna takrorlandi.
Ya’ni, 19 fevral kuni “Tinchlik kengashi” yig‘ilishida ishtirok etish uchun Amerika Qo‘shma Shtatlariga borgan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev tunagan mehmonxona qarshisida siyosiy muxoliflar tomonidan namoyish o‘tkazildi. Biroq namoyishchilar bu safar shunchaki e’tiborsizlikka emas, balki Aliyevning qo‘riqchilari tomonidan kuchli qarshilik va zo‘ravonlikka uchradi.
Norozilik aksiyasi ishtirokchilaridan kamida 2-3 nafari Prezident Ilhom Aliyevning qo‘riqchilari deb aytilayotgan shaxslar – qurollangan, basavlat, rasmiy kiyingan erkaklar tomonidan do‘pposlangani aks etgan video ijtimoiy tarmoqda yashin tezligida tarqaldi. Buni tarmoq foydalanuvchilari 2017 yilda aynan Vashingtonda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning tashrifi munosabati bilan namoyishga chiqqanlarning do‘pposlangani bilan solishtirmoqda.
Namoyishchilar Ozarbayjonda saqlanayotgan mustaqil jurnalistlarga, siyosiy mahbuslarga, xususan, Ozarbayjon Xalq fronti partiyasi raisi Ali Karimliga va Musavat partiyasi a’zosi, Aliyevlarning ashaddiy tanqidchisi Tofiq Yoqubliga ozodlik berilishini talab qilib, norozilik bildirgan. Shuningdek, ular qo‘llarida ovoz kuchaytirgich bilan bir necha marotaba: “Siyosiy mahbuslarga ozodlik”, “Diktator”, deb baqirgan. So‘ngra ularga nisbatan Prezident qo‘riqlov xizmati tarafidan kuch ishlatilib, jarohat yetkazilgan.
“Maqsadimiz – Ilhom Aliyev joylashgan mehmonxona qarshisida siyosiy mahbuslarga ozodlik so‘rab, tinch namoyish o‘tkazish edi. Bizning hech qanday provakatsiya qilish niyatimiz yo‘q. Biz Ozarbayjon Xalq fronti partiyasi raisi Ali Karimliga ozodlik berilishini so‘radik. Ilhom Aliyevga Ozarbayjonda e’tiroz qilishning iloji yo‘q. Biz esa hech bo‘lmasa xorijda ovozimizni eshittirishni xohladik. Ilhom Aliyevning qo‘riqchilari esa bunga qattiq javob qaytardi. Ular bizga zarar berdilar, mening kiyimimni yirtishdi, meni do‘pposlashdi”, degan namoyish ishtirokchilaridan biri.
Namoyishni bostirishda Prezident Qo‘riqlash xizmati bilan birga AQSH politsiyasi ham ishtirok etgan. Tinch namoyishchilarga qarshi zo‘ravonliklarni xaspo‘shlashga uringan Ozarbayjonning AQSHdagi elchixonasi Aliyevning Xavfsizlik xizmatida namoyishchilarni do‘pposlashdan boshqa boshqa chora qolmaganini aytib chiqdi.
“Bu guruh, shuningdek, Ozarbayjon rahbariyatiga qaratilgan nomaqbul so‘zlarni ishlatdi. Prezidentning zirhli mashinasining harakatiga to‘sqinlik qilish yoki jismoniy aralashish jiddiy xavfsizlikka tahdid solganini hisobga olgan holda, Prezident Xavfsizlik xizmati darhol vaziyatga aralashishdan boshqa chorasi qolmadi. Standart ish tartiblariga muvofiq xavfsizlik choralari faqat xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan”, deyiladi elchixona bayonotida.
Aliyevlar davri va muxolifat chehralari
Yana bu mavzu global miqyosida kun tartibiga chiqdi, mustaqil ommaviy axborot vositalari buni tinch namoyishchilarga qarshi hujum sifatida baholasa, Ozarbayjondagi keng miqyosidagi mahalliy nashrlar miting ishtirokchilarini “radikal unsur” deya ta’rifladi. Xo‘sh, otasi 10 yil, o‘g‘li 23 yildan beri boshqarayotgan Aliyevlar Ozarbayjonida muxolifat ozodlik talab qilayotgan Ali Karimli va Tofiq Yoqublilar kim?
Ozarbayjonda siyosiy hokimiyat 1993 yildan buyon Aliyevlar oilasi qo‘lida: avval Haydar Aliyev, 2003 yildan esa Ilhom Aliyev. Rasmiy nuqtai nazar bu davrni barqarorlik, energetik loyihalar va muvozanat siyosati bilan izohlaydi. Ammo muxolifat fikricha, uzoq muddatli hokimiyat markazlashuvi siyosiy raqobatni cheklab qo‘ygan. Shu fonda ikki ism tez-tez tilga olinadi: Ali Karimli va Tofiq Yoqubli.
Ali Karimli – davomchilik va da’vo
Ali Karimli – Ozarbayjon Xalq Fronti partiyasi rahbari, Ozarbayjon tarixida eng demokratik prezident sifatida ko‘riluvchi marhum Abdulfaz Elchibeyning siyosiy davomchisi. U erkin saylovlar, siyosiy raqobat va mahbuslar ozodligini talab qilib keladi.
So‘nggi yillarda u ma’muriy bosimlar va cheklovlar haqida gapirgan. Ayrim manbalar uning hibsga olinishini davlat hokimiyatini zo‘rlik bilan egallashga qaratilgan ayblovlar fonida izohlaydi, rasmiylar esa barcha choralar qonun doirasida ekanini ta’kidlaydi.
Ozarbayjon muxolifatining oyoqqa turishi davlat hokimiyatini zo‘rlik bilan egallab olishga qaratilgan ayblovlar fonida Karimlinig o‘tgan yilning noyabr oyi oxirlarida hibsga olinishi bilan bog‘liq.
Tofiq Yoqubli – qamoq va qarshilik
Tofiq Yoqubli – “Musavat” partiyasi faoli va hokimiyat tanqidchisi. U bir necha bor hibsga olingan. Xalqaro tashkilotlar ayrim holatlarda uni “siyosiy mahbus” deb atagan bo‘lsa, rasmiy Baku buni rad etadi.
Uning ochlik e’lon qilgani, sud jarayonlari va oila a’zolarining faolligi jamoatchilikda bahslarga sabab bo‘lgan. Vashingtonda Ilhom Aliyevga qarshi namoyish o‘tkazgan va xavfsizlik kuchlari tarafidan kaltaklanganlar orasida Yoqublining o‘g‘li, ikkinchi Qorabog‘ urushi g‘oziysi Rahim Yoqubli ham bor edi.
Erkinlik talabi va davlat pozitsiyasi
Ozarbayjon so‘z erkinligi va demokratiya bo‘yicha dunyoda eng quyi pog‘onalarda qolmoqda. Muxolifat – siyosiy plyuralizm, erkin yig‘ilish va mustaqil matbuotni talab qiladi. Hokimiyat esa xavfsizlik, barqarorlik va qonun ustuvorligini birinchi o‘ringa qo‘yadi.
Olovlar yurtidagi bu tortishuv hali yakuniga yetgani yo‘q. Savollar xorijda yo‘laklarda ham, maydonlarda ham yangramoqda. Javoblar esa vaqt, siyosiy iroda va jamiyatning tanloviga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Live
Barchasi