Mehribon Aliyeva bir kam 60 yoshni qarshiladi. Putin tabrik maktubini yo‘lladi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon Birinchi vitse-prezidenti Mehribon Aliyevani tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, uning ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan hissasini qayd etdi. Tabrik matni AzerTAG agentligi tomonidan e’lon qilindi. 

“Muhtarama Mehribon Orifovna, tug‘ilgan kuningiz bilan samimiy tabriklarimni qabul qiling. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissangizni yuksak qadrlaymiz. Ishonchim komilki,  ko‘p qirrali konstruktiv aloqalarni yanada rivojlantirish do‘st Rossiya va Ozarbayjon xalqlari manfaatlariga to‘la javob beradi”, deyiladi tabrikda.  

Rossiya davlati rahbari Aliyevaga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, farovonlik va faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. 

2019 yilda Aliyeva “Rossiya-Ozarbayjon munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashdagi xizmatlari uchun” Rossiya Federatsiyasining “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Bu Putinning Mehribon Aliyevaga birinchi bor tabrik yo‘llashi emas. U har yili Aliyevaning tavalludini unutmaydi va unga tabrik maktubini yo‘llaydi. 

Mehribon Aliyeva 1964 yilda ozarbayjonlik taniqli olim, pedagog, fizika-matematika fanlari doktori, professor Orif Pashayev va Ozarbayjonning birinchi sharqshunoslik fanlari (ayol) doktori, filologiya fanlari doktori, professor Aida Imonguliyeva oilasida dunyoga kelgan.

Ozarbayjon davlat tibbiyot institutining davolash-profilaktika fakultetida tahsil olgan.  Keyinroq, Moskva tibbiyot institutida o‘qishni davom ettirgan. 

1983 yil o‘sha vaqtda SSSR Ministrlar kengashi raisi o‘rinbosari Haydar Aliyevning o‘g‘li Ilhom Aliyevga turmushga chiqdi. 1988 yildan 1992 yilgacha u Moskva ko‘z kasalliklari ilmiy-tadqiqot institutida faoliyat yuritdi.

2017 yil fevral oyida u Ozarbayjonning birinchi vitse-prezidenti etib tayinlangan edi.  

Shuningdek, u mamlakatdagi eng yirik nodavlat tashkilot – Haydar Aliyev jamg‘armasiga rahbarlik qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Mehribon Alieva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing