Mehribon Aliyeva 56 yoshni qarshiladi
Bu qiziq
−
26 avgust 2020
28111Bugun, 26 avgust kuni Ozarbayjon Respublikasining birinchi vitse-prezidenti, mamlakat birinchi xonimi, davlat va jamoat arbobi Mehribon Aliyeva 56 yoshni qarshiladi.
Mehribon Aliyeva nafaqat Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning rafiqasi, balki MDH mamlakatlari orasida tanilgan ayol siyosatchilardan biri. U davlat faoliyatining muhim yo‘nalishlarida faoliyat olib boradi. Aholiga keng ko‘lamli va manzilli yordam loyihalari va dasturlarini tashabbuskori. Madaniy diplomatiya va insonparvarlik aloqalari bo‘yicha tashqi dunyo bilan aloqa o‘rnatib boradi.
Mehribon Aliyeva 1964 yilda ozarbayjonlik taniqli olim, pedagog, fizika-matematika fanlari doktori, professor Orif Pashayev va Ozarbayjonning birinchi sharqshunoslik fanlari (ayol) doktori, filologiya fanlari doktori, professor Aida Imonguliyeva oilasida dunyoga kelgan.
Ozarbayjon davlat tibbiyot institutining davolash-profilaktika fakultetida tahsil olgan. Keyinroq, Moskva tibbiyot institutida o‘qishni davom ettirdi.
1983 yil o‘sha vaqtda SSSR Ministrlar kengashi raisi o‘rinbosari Haydar Aliyevning o‘g‘li Ilhom Aliyevga turmushga chiqdi. 1988 yildan 1992 yilgacha u Moskva ko‘z kasalliklari ilmiy-tadqiqot institutida faoliyat yuritdi.
Aliyeva raisligidagi Haydar Aliyev jamg‘armasi mamlakatning muhim jamoat markaziga aylangan. Bu yerda fuqarolarning murojaatlari yig‘ilib, odamlar o‘z muammolariga echim topadilar. Jamg‘arma bir vaqtning o‘zida nufuzli xalqaro tashkilotga aylangan. U orqali Ozarbayjonning ko‘plab xorijiy sheriklariga Bakudan gumanitar yordam ko‘rsatiladi.
U intervyularidan birida qaynotasi, 1993-2003 yillarda Ozarbayjon Prezidenti bo‘lgan Haydar Aliyev haqida shunday deydi:
“Hayotimning katta qismini zamonaviy Ozarbayjonning buyuk shaxsi Haydar Aliyevning yonida o‘tkazganimdan baxtiyorman. Umrimning oxirigacha men shaxsiyati kosmik kenglikdagi bu insonga cheksiz hurmat, hayrat va muhabbat hissini saqlab qolaman.
Kuch va g‘ayrat, cheksiz tafakkur, tuganmas iroda, oliy axloq va qadr-qimmat, ulkan vatanparvarlik, tona yurtga va xalqqa muhabbat... Yetib bo‘lmas ideal va hayotimdagi asosiy ustoz edi”.
U mamlakatda juda yuqori obro‘ga ega. Oddiy odamlar unga ishonishadi. Millionlab ozarbayjonliklar uning halokatli koronavirus tahdidi oldida birlashishga chaqirig‘ini iliq kutib olishdi. "Bir-birimizni ehtiyotkorlik bilan qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Bag‘rikenglik va tushunishni namoyon etish orqali taqdir boshimizga solgan dahshatli sinovlarga dosh bera olamiz va albatta koronavirus ustidan g‘alaba qilamiz", deydi birinchi xonim.
Mehribon Aliyeva o‘zining shaxsiy namunasi bilan muhtojlarga yordam berishga intilib, odamlarni rahm-shafqatga chorlaydi. Uning asarlari insonparvarlik va odamlarga bo‘lgan muhabbatni o‘zida mujassam etgan.
Mehribon Aliyeva, shuningdek, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar tarbiyasi va keyingi taqdiri kabi muhim masalalarni nazorat qiladi. Bundan tashqari, aholining eng himoyasiz qatlamlari bo‘lgan shahidlar oilalari, qochoqlar va nogironlar uning doimiy e’tiborida.
Odatda Prezidentlarning oilasi, ularning muhabbati OAVga ko‘pincha ma’lum qilinmaydi. Biroq, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Birinchi xonim Mehribon Aliyev o‘rtasidagi muhabbat tillarga tushgan. Aliyeva turmush o‘rtog‘i haqida shunday deydi:
“Turmush o‘rtog‘im, Prezident Ilhom Aliyev 16 yildan beri o‘z xalqiga xizmat qilmoqda. Uning barcha yutuqlari tufayli Ozarbayjon butun dunyoda qudratli, muvaffaqiyatli rivojlanayotgan, hurmatga sazovor bo‘lgan davlatga aylandi. Biz haqli ravishda g‘ururlanadigan mamlakat, mustaqil Ozarbayjon fuqarolari, uning xalqimizga bo‘lgan fidokorona sevgisi va sadoqatiga asoslanadi. Uning asosiy vazifasi har doim va hamma joyda Vatanimiz manfaatlarini himoya qilishdir.
Ushbu g‘oyat qiyin yo‘lda u nimadan kuch oladi? Shubhasiz, xalqining qo‘llab-quvvatlashi, ishonchi va muhabbatidan.
Shuningdek, bizning baxtli shaxsiy hayotimiz, oilamizdagi muhabbat va o‘zaro hurmat muhiti ham uning faoliyatida o‘zgarmas rol o‘ynashiga ishonaman”.
Prezident Ilhom Aliyev va Mehribon Aliyevaning uch nafar farzandlari bor. Ular – Leyla, Orzu va Haydar. Mehribon Aliyeva farzandlari bugungacha ota-onasining boshini egmaganidan mamnun.
“Men farzandlarim bilan faxrlanaman. Birinchidan, ular munosib odamlar bo‘lib yetishdilar. Hech qachon ularning xatti-harakatlari uchun sharmandalik yoki umidsizlikni boshdan kechirmadik. Leyla, Orzu va Haydar o‘zlarining ishlariga jiddiy va mas’uliyat bilan yondashishlari, oilaviy an’analarni hurmat qilishlari zamirida aniq axloqiy ko‘rsatmalar va tarbiya bor. Farzandlarim mehribon va g‘amxo‘r odamlar ekanidan xursandman. Men ularga ishonaman, chunki insoniylik va rahm-shafqat va halollik va qadr-qimmat bu hayotning eng yaxshi mukofotidir”.
LiveBarchasi