MDHning dekabrdagi norasmiy sammiti Rossiyada bo‘lmaydi
Olam
−
30 Oktabr
5247Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining norasmiy sammiti shu yil dekabr oyi oxirida Qozog‘iston poytaxti Ostonada bo‘lib o‘tadi. Bu haqda bugun, 30 oktyabr kuni MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev ma’lum qildi.
“28 noyabr kuni Ostonada KXSHT davlat rahbarlarining uchrashuvi, dekabr oxirida esa MDH davlat rahbarlarining an’anaviy norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tadi”, dedi Lebedev.
Ma’lumot uchun, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashi majlisi joriy yilning 8 oktyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan va unda bir qator hujjatlar imzolangan. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida o‘tgan sammitda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Respublikasi rezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, shuningdek, MDH bosh kotibi Sergey Lebedev qatnashdi. Kun tartibiga muvofiq, ko‘p qirrali munosabatlarning holati va rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, MDH doirasidagi amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 26 dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida MDHga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi. Uchrashuvda 2023 yilgi ko‘p tomonlama hamkorlikning asosiy yakunlari sarhisob qilinib, kelgusi yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar ko‘rib chiqilgan. MDH doirasida ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashilib, mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilingan.