MDH davlatlari sanksiyalar bosimiga birgalikda qarshi turadi – Bosh kotib Lebedev
Olam
−
29 Sentabr 2023
8434Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Bosh kotibi Sergey Lebedev tashkilotga a’zo mamlakatlar G‘arb cheklovlariga birgalikda qarshi turishini aytdi. Bu haqda u MDHga a’zo davlatlar Mudofaa vazirlari kengashi yig‘ilishida so‘z ochdi.
“Hamdo‘stlik davlatlari global xavfsizlik tamoyillarini baham ko‘radi va qo‘llab-quvvatlaydi, sanksiyalar bosimiga birgalikda qarshi turadi. Muloqot, sheriklik va o‘zaro manfaatdorlik tamoyillariga amal qilgan holda ko‘p qutbli dunyoda mustaqil kuch markazlarini shakllantirish tarafdori”, deydi Lebedev.
Uning ta’kidlashicha, joriy yilda Qirg‘iziston raisligida Hamdo‘stlikka a’zo davlatlarning Mudofaa vazirliklari tegishli sohalardagi hamkorlikni kuchaytirgan.
“MDHga a’zo davlatlarning harbiy xavfsizligiga tahdidlar doirasi ancha keng bo‘lib qolayotganini hisobga olsak, harbiy sohadagi o‘zaro hamkorlik, shubhasiz, ishonchli barqarorlashtiruvchi omil bo‘ladi”, degan Bosh kotib.
Uning ta’kidlashicha, MDH Mudofaa vazirlari kengashi va uning muvofiqlashtiruvchi qo‘mitalari faoliyati alohida ahamiyat kasb etadi. MDHga a’zo davlatlar Mudofaa vazirlari kengashi hamdo‘stlik makonida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida harbiy hamkorlikni rivojlantirish hamda uning samaradorligini oshirish uchun qudratli jamoaviy salohiyatga ega.
Shu bilan birga, Lebedev so‘nggi paytlarda MDH, KXSHT va SHHTga a’zo davlatlar Mudofaa vazirlari kengashining ishchi uchrashuvlari va qo‘shma majlislari ham muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etgan.
“Ularda global va mintaqaviy kun tartibiga oid masalalar, davlatlarning harbiy xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari, shuningdek, harbiy sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari keng muhokama etilmoqda”, deydi MDH Bosh kotibi.
Ma’lumot uchun, Sergey Lebedev 1948 yilda Jizzaxda tug‘ilgan. U 1966-72 yillarda armiyada xizmat qilgan. Lebedev o‘z faoliyatini 1975 yilda KGBga ishga kirganida boshlagan. Keyinchalik u Rossiya Qurolli Kuchlarida armiya generali va 2000 yildan 2007 yilgacha Rossiya Tashqi razvedka xizmati direktori bo‘lgan. 2007 yil 5 oktyabrda Lebedev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining Ijrochi kotibi etib saylangan.
LiveBarchasi