MDH davlatlari rahbarlari qanday hujjatlar imzoladi?
Olam
−
14 Oktabr 2022
4358Qozog‘iston poytax’ti Ostonadagi sammit yakunlari bo‘yicha Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari rahbarlari qator hujjatlarni imzoladilar. Bu haqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi tor doiradagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi. Xususan, prezidentlar ikkita xalqaro shartnoma imzoladilar.
“Bu MDHga a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlarining maslahat kengashini shakllantirish to‘g‘risidagi kelishuv va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim”, dedi Tleuberdi.
Bundan tashqari, davlat rahbarlari tomonidan iqlim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bayonot imzolangan bo‘lib, unda MDH davlatlarining iqlim kun tartibi bo‘yicha birgalikdagi harakatlari muhimligi ta’kidlangan.
“Davlat rahbarlari 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik dasturini tasdiqladilar. Qozog‘iston Prezidenti tashabbusi bilan MDHda kuzatuvchi va sherik maqomlarini belgilash bo‘yicha hujjatlarni tayyorlash ishlari boshlanadi. Bu boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlarni Hamdo‘stlik faoliyatiga jalb qilish imkonini beradi”, deydi Tleuberdi.
Shuningdek, quyidagilar qabul qilindi:
• MDHning inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi to‘g‘risidagi yangi nizom;
• Sergey Lebedevni 2023 yil 1 yanvardan boshlab uch yillik muddatga MDH Bosh kotibi etib tayinlash to‘g‘risidagi qaror;
• MDHga raislikni kelasi yil Qirg‘izistonga o‘tkazish va tashkilotning navbatdagi sammitini Bishkekda o‘tkazish to‘g‘risida qaror.
Qozog‘iston TIV rahbari imzolangan hujjatlar soniga aniqlik kiritmagan. Biroq rus nashrlarining yozishicha, MDH sammitida jami 18 ta hujjat imzolangan.
Avvalroq MDH ijroiya qo‘mitasi raisi, ijrochi kotib Sergey Lebedev sammitda davlatlararo keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 10 ta hujjat imzolanishi rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.