Mbappe “El-Klasiko”da o‘ynaydi – OAV
Sport
−
08 may 1879 2 daqiqa
“Real Madrid” hujumchisi Kilian Mbappe jarohatidan to‘liq tiklandi, tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tdi va “Barselona”ga qarshi o‘yinda maydonga tushadi. Bu haqda AS nashri xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujumchi o‘yin qaydnomasiga kiritiladi, biroq asosiy tarkibda emas, balki zaxira o‘rindig‘ida boshlaydi. Murabbiylar shtabi zarurat tug‘ilsa, u taxminan 30 daqiqa o‘ynashi mumkinligini kutmoqda.
Kilian Mbappe 13 kun avval “Real Betis”ga qarshi o‘yinda chap oyog‘idagi yarim paydan jarohat olgan edi. Jarohat sabab u “Espanol”ga qarshi safar o‘yinini o‘tkazib yuborgan. Shu orada Mbappe dam olish uchun sevgilisi bilan Italiyaga yo‘l olgani, bu esa ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar orasida norozilik uyg‘otdi. U Madridga o‘yin boshlanishidan atigi 12 daqiqa oldin qaytgani ham muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Muxlislarning noroziligi keyinchalik “Real Madrid” rahbariyatiga yetib borgan. Klub futbolchining tiklanish davridagi safarlari borasida turli fikrlar bildirgan. Bosh murabbiy Alvaro Arbeloa esa tibbiy shtab jarohatlangan futbolchilar rejimini to‘liq nazorat qilishini, futbolchilar esa o‘z bo‘sh vaqtlarini o‘zlari belgilashini, biroq klub intizomini unutmaslik kerakligini ta’kidlagan.
“Real Madrid” va “Barselona” o‘rtasidagi uchrashuv joriy yilning 10 may kuni Barselona shahridagi “Kamp Nou” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, Kilian Mbappe “Real Madrid” ichida ham muhokamalar markazida qolmoqda. Klub ichida esa murabbiylar shtabi va futbolchilar o‘rtasidagi munosabatlar ham barqaror emasligi haqida xabarlar tarqalgan.
Ma’lumot uchun, Kilian Mbappe joriy mavsum barcha turnirlarda 41 ta o‘yin o‘tkazib, 41 ta gol urdi. U La Liga musobaqasida 24 ta gol bilan va Chempionlar ligasida 15 ta gol bilan jamoasining eng yaxshi to‘purari hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Real Madrid” muxlislari fransiyalik hujumchi Kilian Mbappening klubni tark etishini talab qilib petitsiya boshlagani va ushbu petitsiya atigi bir kun ichida 12 milliondan ortiq imzo to‘plagani haqida xabar berilgandi. Hozirda ushbu petitsiya 45 millionga yaqin ovoz to‘pladi.