MB ikki bankni litsenziyadan mahrum qildi

Jamiyat

image

Markaziy bank boshqaruvining bugun, 7 oktyabrdagi (22/1 va 22/2-sonli) qarorlariga asosan “Turkiston” xususiy aksiyadorlik tijorat banki va “HI-TECH BANK” xususiy aksiyadorlik tijorat bankidan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya chaqirib olindi.

Turkistonbank aktivlar hajmi bo‘yicha respublika bank tizimida 26-o‘rinni, HI-TECH BANK esa 29-o‘rinni egallagan.

Ushbu ikki bank “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 54 va 77-moddalarida belgilangan qoidabuzarliklar sodir etgani, xususan:

•    bank aktivlari bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi yetarlicha zaxiraning mavjud emasligi;
•    regulyativ kapitalining ellik foizidan ortiq miqdorda zarar ko‘rganligini; 
•    bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi;
•    buxgalteriya hisobining hisobotga oid ma’lumotlar buzilishiga olib keladigan va bankning haqiqiy moliyaviy ahvolini aks ettirish imkonini bermaydigan qoidabuzarliklar bilan yuritilganligi;
•    bank faoliyatidagi qo‘pol qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi Markaziy bank ko‘rsatmalarining belgilangan muddatda bajarilmaganligi;
•    jiddiy qoidabuzarlik uchun Markaziy bank tomonidan jarima qo‘llanilganidan keyin huddi shunday qoidabuzarlikni takroran sodir etilganligi aniqlangan.

Shu sababli “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘isida”gi qonunning 20-moddasiga muvofiq Markaziy bank boshqaruvi litsenziyani chaqirib olish haqidagi qarorlarni qabul qilgan.

Markaziy bank boshqaruvining yuqorida keltirilgan qaroriga asosan Turkistonbank va HI-TECH BANK’ni tugatish komissiyalarisi tarkibi tayinlangan va “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga asosan bank ishlarini boshqarish bo‘yicha, shu jumladan, bank aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi, kuzatuv kengashi va boshqaruvi vakolatlari ushbu komissiyaga o‘tgan.

Omonatchi-jismoniy shaxslar uchun ma’lumot

O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq aholining banklardagi omonatlari Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan to‘liq kafolatlanganligi munosabati bilan Turkistonbank va HI-TECH BANK omonatchilarining barcha mablag‘lari, birinchi navbatda, 2 oydan so‘ng to‘liq qaytariladi.

Aholiga omonat mablag‘larini qaytarish Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan ushbu qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. 

Omonatlarni qaytarish bo‘yicha batafsil ma’lumotni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 71-200-00-44, 71-236-75-24 ishonch telefonlari orqali olishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank

Baholaganlar

291

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing