MB asosiy stavkani nega oshirganini tushuntirdi
Jamiyat
−
17 mart 2022
9488Avvalroq Markaziy bank boshqaruvi O‘zbekistonda asosiy stavkani 14 foizdan 17 foizga ko‘targani haqida xabar bergan edik. Regulyator bu qarorni izohladi.
Unga ko‘ra, tashqi iqtisodiy sharoitlarda yuzaga kelgan yuqori noaniqlik va keskinliklar fonida devalvatsion va inflyatsion kutilmalar o‘sishining oldini olish, milliy valyutada jamg‘arish faolligini saqlab qolish hamda tashqi xatarlarning iqtisodiyotga o‘tuvchi ta’sirini yumshatish orqali mamlakatda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 17 foizga oshirilgan.
“Yuzaga kelgan vaziyatda Markaziy bank ichki narxlar keskin o‘sishining oldini olish, to‘lov tizimi uzluksizligi va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida barcha zaruriy choralarni ko‘rib boradi.
Tashqi iqtisodiy sharoitlar. Asosiy savdo-hamkor davlatlarda kuzatilayotgan iqtisodiy vaziyat, ularning valyuta kurslaridagi keskin tebranishlar, jahon xomashyo va energiya bozorlarida narxlarning o‘sishi makroiqtisodiy jihatdan noaniqliklar va xatarlarni oshirmoqda”, deyiladi MB sharhida.
Qayd etilishicha, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari orasida o‘tkazilgan so‘rovlar ularning devalvatsion kutilmalarida sezilarli o‘sish kuzatilayotganligini ko‘rsatgan.
Ayni paytda mazkur omillar turli kanallar orqali ichki makroiqtisodiy barqarorlikka qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
“Bunda qisqa muddatli ta’sirlar eksportdan tushumlar va mamlakatimizga pul o‘tkazmalari hajmining kamayishi hisobiga ichki valyuta bozorida taklifning qisqarishida, import qilinadigan iste’mol tovarlari narxining qimmatlashishi orqali ichki narxlarning o‘zgarishida namoyon bo‘lsa, o‘rta muddatli ta’sirlar tashqi va ichki talabning qisqarishi hisobiga iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga tegishli bosim ko‘rsatadi”, deyiladi regulyator izohida.
Makroiqtisodiy va tarkibiy islohotlar borasida 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlarni amalga oshirilishi ushbu salbiy ta’sirlarni yumshatish imkonini beradi.
LiveBarchasi