Majlis ochildi: Erdo‘g‘an nutq so‘zlayotganda muxolifat zaldan chiqib ketdi (video)
Olam
−
19:04 2832 3 daqiqa
Kecha, 1 oktyabr kuni Turkiya Buyuk Millat Majlisi (TBMM) yangi qonunchilik yiliga kirishdi. Bosh assambleyani ochgan Majlis raisi No‘mon Kurtulmushning yangi konstitutsiya va jamg‘arma inqiroziga oid bayonotlari e’tiborni tortdi. AKP rahbari va Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an nutq so‘zlashni boshlagan paytda “YENİ Parti” (Yangi partiya) raisi O‘zg‘ur O‘zel va partiya deputatlari zalini tark etdi. Bu haqda “Medya scope” xabar berdi.
O‘zel Jumhuriyat xalq partiyasi (CHP) yetakchisi sifatida 2025 yilda Majlisning ochilishini boykot qilgan. Ushbu qaror ham bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan bir paytda, O‘zel va deputatlar “YENİ Parti” sifatida ilk bor qarshilayotgan yangi qonunchilik yilini Erdo‘g‘anga qarshi protest bilan boshlagan.
Bosh assambleya yig‘ilishidan oldin No‘mon Kurtulmush raisligida “YENİ Parti” yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel, AKP fraksiyasi rahbari Abdulloh Guler hamda Majlis raisi o‘rinbosarlari, partiyalarning fraksiya rahbarlari va deputatlar Otaturk haykali poyiga gulchambar qo‘ygan. Marosimda Ichki ishlar vaziri Mustafo Chiftchi ham ishtirok etgan.
Buyuk Millat Majlisi 28-chaqiriq 5-qonunchilik yili soat 14:00 da to‘plangan Bosh assambleya bilan rasman boshlangan. Kurtulmush Erdo‘g‘anni minbarga taklif qilganda “YENİ Parti”, “İYİ Parti” va CHP deputatlari o‘rinlaridan turmagan. Istiqlol marshi va sukut saqlash marosimidan so‘ng Erdo‘g‘an nutqini boshlamoqchi bo‘lganida “YENİ Parti” deputatlari zalini tark etgan. Erdo‘g‘an bir muddat “YENİ Parti” o‘rindiqlari bo‘shashini kutib turgan. Bu orada AKP safidan Erdo‘g‘an sha’niga qarsaklar yangragan.
O‘zg‘ur O‘zel joriy yilning 30 sentyabr “Medyascope”ning Majlis ochilishida nima qilishlari haqidagi savoliga:
“Ertaga Majlisdagi o‘zimizning o‘rnimizni egallaymiz, majlisda ishtirok etamiz. So‘ngra hamkasblarimiz o‘z saylov okruglaridagi dasturlar uchun jo‘nab ketishadi”, degan.
Qabul marosimida ishtirok etmasligi ma’lum bo‘lgan “YENİ Parti”dan boshqa bir protest kutilmayotgan edi va bu haqda deputatlardan ham hech qanday ma’lumot chiqmagan.
Kurtulmushning nutqi paytida “YENİ Parti” saflarida harakatlanish boshlanganidan protestga tayyorgarlik ko‘rilayotgani ayon bo‘ldi. O‘zg‘ur O‘zel va fraksiya rahbarlari orqa qatordagilarga nimalarnidir aytgan. Deputatlar ham orqalariga o‘girilib, qatorma-qator zalini tark etish qarorini bir-birlariga yetkazgan. Erdo‘g‘an minbarda turgan paytda Istiqlol marshi o‘qilgan, O‘zel va “YENİ Parti” deputatlari Istiqlol marshidan so‘ng o‘z joylariga o‘tirmasdan zalni tark etgan.
Zaldan chiqib ketayotib, jurnalistlarning savoliga javoban O‘zel shunday degan:
“Asosiy muxolifat partiyasi sifatida Majlis ochilishida ishtirok etdik, Majlis raisining nutqini tingladik, Istiqlol marshimizni o‘qidik. Bundan buyon partiyamizga nisbatan sud to‘ntarishini amalga oshirib, partiya bosh raisi va rahbariyatini o‘zgartirib, o‘rniga o‘ziga ma’qul bo‘lgan tayinlovni bajargan, prezidentlikka nomzodimizni qamoqqa tashlagan, bugun ertalab Turkiya Shahar hokimliklari uyushmasi saylovlarida g‘alaba qozonish uchun aybsiz va gunohsiz Mersin shahar hokimiga qarshi operatsiya uyushtirgan kimdirni eshitishga sarflaydigan vaqtimiz yo‘q”.
Birozdan so‘ng O‘zel Majlisga qaytib, o‘z partiyasining Markaziy ijroiya kengashini to‘plagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasining (CHP) sud qarori bilan lavozimidan chetlatilgan sobiq raisi O‘zg‘ur O‘zel partiyadan rasman chiqishi va yangi siyosiy partiya tuzayotganini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi