“Maymundek harakatlanishni to‘xtatish kerak”. “Real” futbolchisi haqoratga uchradi

Sport

image

Ispaniya sport agentlari assotsiatsiyasi prezidenti Pedro Bravo “El Chiringuito” telekanali efirida “Real Madrid” futbolchisi Vinisius Juniorning samba raqsidagi holatini maymunga o‘xshatdi. Bu haqda “Mundo Deportivo” nashri xabar berdi.

Pedro Bravoning so‘zlariga tayanadigan bo‘lsak, raqs tushishni istovchilar raqs maydonchasiga borishlari kerak.

“Agar siz samba raqsga tushmoqchi bo‘lsangiz, raqs maydonchasiga boring. Bu yerda (stadionda) siz hamkasblaringizni hurmat qilishingiz va maymundek harakat qilishni bas qilishingiz kerak”, degan Bravo.

Ta’kidlash joiz, Pedro Bravoning bu so‘zlari irqchilik sifatida talqin qilindi. Ko‘plab futbolchilar va ommaviy axborot vositalari Vinisiusni qo‘llab-quvvatladi.

Braziliya terma jamoasi va PSJ klubining hujumchisi Neymar Junior ham vatandoshining yonini olib chiqdi. Neymar  Instagram sahifasiga Vinining rasmini joylab, keyingi safar birgalikda raqsga tushamiz, deya izoh qoldirgan.

Albatta, ushbu vaziyatga Vinisiusning o‘zi ham izoh berib, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga video murojaat joylashtirdi.

22 yoshli futbolchi o‘ziga nisbatan qilinayotgan haqoratlarni irqchilik deya baholagan. Shuningdek, samba raqsiga ham to‘xtalib, ushbu raqsni Ronaldino, Neymar, Lukas Paketa, Antuan Grizman, Joa Feliks kabi futbolchilar ham ijro etishini aytgan.

Qayd etish kerakki, o‘ziga nisbatan qilingan haqoratlarga qaramasdan, Vinisius samba raqsini to‘xtatmoqchi emas. Aksincha, braziliyalik iqtidorli futbolchi raqsdagi mahoratini yanada ko‘proq namoyish qilmoqchi.

Ma’lumot uchun, joriy mavsumda 22 yoshli futbolchi “Real Madrid” safida 8 ta uchrashuvda maydonga tushib, 5 ta gol va 3 ta golli uzatma amalga oshirgan. “Transfermarkt” portali braziliyalik iqtidor egasini 100 million yevroga baholamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Vinisius Junior “Real Madrid”

Baholaganlar

465

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing