Maymun chechagini qaysi dori davolay olishi aniqlandi
Olam
−
25 may 2022
13800Xalqaro tadqiqotchilar guruhi yaqin o‘tmishda Buyuk Britaniya shifokorlari maymun chechagi infeksiyasining bir holatini tekomvirimat — odam chechagiga qarshi dori bilan muvaffaqiyatli davolaganini aniqladi. Olimlarning xulosalari “Lancet” jurnalida chop etilgan maqolada e’lon qilingan.
“Hamkasblarimiz maymun chechagi epidemiyasining ildizlarini va virus qanday tarqalishini ochishga urinayotgan bir paytda, biz ushbu kasallikka qarshi kurashda o‘tmishda qanday preparatlar qo‘llangan bo‘lishi mumkinligi bilan qiziqdik”, degan Liverpul universiteti ilmiy xodimi Xyu Adler.
Bunday ma’lumotlarni olish uchun Adler va uning hamkasblari Buyuk Britaniyaning barcha hududlarida xavfli yuqumli kasalliklarni o‘rganish bo‘yicha ixtisoslashgan markazlar tomonidan so‘nggi besh yil ichida to‘plangan ma’lumotlarni tahlil qilgan. Umuman olganda, ushbu markazlar mutaxassislari 2018 va 2021 yillar oralig‘ida sodir bo‘lgan maymun chechagi infeksiyasining yettita holatini qayd etgan. Tahlillar shuni ko‘rsatganki, davolovchi shifokorlar kasallikni ikkita virusga qarshi dori — brinsidofovir va tekomvirimat bilan bostirishga harakat qilgan.
Birinchisi suvchechak bilan kurashish uchun yaratilgan, ikkinchisi esa inson chechagi virusining ko‘payishini bostiradigan dunyodagi birinchi dori. Keyingi kuzatishlar shuni ko‘rsatganki, brinsidofovir bemorlarga sezilarli yengillik keltirmagan. Shu bilan birga, uni qabul qilish jigarga yukni sezilarli darajada oshirgan, shuning uchun terapiya to‘xtatilgan. Bundan farqli o‘laroq, tekomvirimat nojo‘ya ta’sirlarni keltirib chiqarmagan, shuningdek, ushbu dorini qabul qilgan bemorning sog‘lig‘i tiklanishini tezlashtirgan. Adler va uning hamkasblarining fikriga ko‘ra, bu dori maymun chechagi virusiga qarshi kurashish uchun ishlatilishi mumkinligini ko‘rsatadi. Olimlarning umid qilishicha, keyingi tajriba va kuzatishlar bu farazni tasdiqlaydi.
Yevropa uchun yangi virus tahdidi
Bir qator G‘arbiy Yevropa davlatlarida joriy yilning aprel va may oylarida tarqalgan maymun chechagi virusi boshqa qit’alarda ham aniqlangan. Buyuk Britaniyadan tashqari, so‘nggi paytlarda Avstraliya, Belgiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Portugaliya, AQSH, Fransiya, Shveysariya va Shvetsiyada ham infeksiya holatlari qayd etilgan.
Maymun chechagi kam uchraydigan virusli kasallik bo‘lib, asosan yovvoyi hayvonlardan odamlarga yuqadi. Kasallikning belgilari isitma, bosh og‘rig‘i, mushak og‘rig‘i, bel og‘rig‘i, limfa tugunlari shishishi, titroq va charchoqni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, yuz va tananing boshqa qismlarida teri toshmasi ham paydo bo‘lishi mumkin. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, maymun chechagi epidemiyasi uchun o‘lim darajasi odatda 1 foizdan 10 foizgacha, o‘limning aksariyati yosh guruhlarda sodir bo‘ladi.
LiveBarchasi