Dunyoda maymun chechagi  bilan kasallanish holati kamaydi – JSST

Salomatlik

image

Dunyo bo‘ylab MPOX  (avvalgi nomi maymun chechak) virusi bilan kasallanish holatlari kamaymoqda. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar berdi

Unga ko‘ra, 2023 yil oktyabr oyida dunyoda 660 dan ortiq MPOX kasalligi aniqlangan va 2022 yil boshidan buyon kasallanganlarning umumiy soni 91ming 788 kishidan oshdi. Ularning 167 nafari vafot etgan. Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, kasallik 116 mamlakatda qayd etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1 oktyabrdan 31 oktyabrgacha butun dunyo bo‘ylab 668 ta yangi infeksiya holati qayd etilgan. Bu sentyabr oyiga nisbatan 23 foizga kam. Oktyabr oyida eng ko‘p holatlar ikki mintaqada - G‘arbiy Tinch okeani (barcha infeksiya holatlarining 30 foizi) va Yevropada (25 foiz) aniqlangan. Ammo oktyabr oyida 13 davlat sentyabr oyiga nisbatan infeksiyalar aniqlanishi ko‘rsatkichining oshgani haqida xabar bergan.

2022 yil boshidan buyon kasallanish bo‘yicha eng ko‘p ko‘rsatkich 30 ming 771 nafar bemor bilan AQSHda qayd etilgan. Ikkinchi o‘rinni Braziliya (10 967) egallagan. Uchlikka 7 ming 647 ta kasallik holati bilan Ispaniya yakun yasagan. Keyingi o‘rinlardan esa Fransiya (4 161), Kolumbiya (4 090), Meksika (4 065), Buyuk Britaniya (3 820), Peru (3 812), Germaniya (3 757) va Xitoy (1 935) joy olgan. Ushbu mamlakatlarning umumiy ko‘rsatkichi barcha holatlarning 81,7 foizini tashkil qiladi. Kasallanganlarning 96,3 foizi 29 yoshdan 41 yoshgacha bo‘lgan erkaklardir.

Butun dunyoda MPOX  sababli 2022 yil iyuldan 2023 yil 11 maygacha favqulodda holati e’lon qilingandi. Ammo kasallikning kamaygani tufayli u bekor qilindi.

Ma’lumot uchun, MPOX kam uchraydigan virusli kasallik bo‘lib, u, asosan, markaziy va g‘arbiy Afrikaning chekka hududlarida, tropik o‘rmonlar yaqinida uchraydi. Ushbu kasallikning hayvonlardan odamlarga yuqishi bo‘yicha birinchi holat 1970 yilda Kongo Demokratik Respublikasida qayd etilgan. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, virus odamlarga kemiruvchilar va primatlar kabi yovvoyi hayvonlardan yuqadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti maymun chechagi virusining nomini “MPOX” deb o‘zgartirilishini e’lon qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

JSST maymun chechagi MPOX

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing