Maykl Jeksonning yarim milliard dollar qarzi borligi ma’lum bo‘ldi
Madaniyat-san’at
−
28 iyun
15074Afsonaviy pop yulduzi Maykl Jeksonning yarim milliard dollarlik qarzi bo‘lgan ekan. Bu haqda NBC xabar qildi.
15 yil avval vafot etgan pop qiroli o‘limidan avval 500 million dollar qarz olgan. San’atkorning mol-mulkini taqsimlovchilar Los-Anjeles okrugining Oliy sudiga topshirilgan hujjatga ko‘ra, Jeksonning aktivlari umrining oxirida kreditorlarning e’tiroz manbaiga aylangan. Qarzning bir qismiga o‘ta yuqori foiz stavkalari qo‘shilgan. Jeksonga qarshi ariza bergan kreditorlar soni esa 65 kishidan oshgan.
2018 yilda Jeksonning mulkidan olingan mablag‘lar advokatlarning yuridik xizmatlari va boshqa xarajatlarini qoplash uchun sarflangan.
Sudga taqdim qilingan hujjatda Jekson vafotidan keyin kreditorlarning da’volari qo‘zg‘atilgani aytilgan. Mulk taqsimlovchilar esa da’volarning katta qismini hal qilishga erishgan.
Maykl Jekson mablag‘larini xayriya, hashamatli buyumlar va sayohatlarga sarflagan. Moliyaviy ekspertlar esa Jekson ishlarini yo‘lga qo‘yib olishga uringanini qayd etadi. Vafotidan avval Jekson yangi qo‘shiqlar ustida ishlagan, bu esa keyinroq uning moliyaviy holatini sezilarli yaxshilashi mumkin edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maykl Jeksonning mashhur reklama roligida kiygan kurtkasi auksionga qo‘yilgandi.
Mavluda Satiyeva