May oyida so‘m 1,8 foiz qadrsizlandi. Buning sababi nimada?
Jamiyat
−
08 iyun 2022
4613O‘zbek so‘mining real samarali almashuv kursi 2022 yilning may oyida ham pasayuvchi tendetsiya qayd etib, o‘tgan oyga nisbatan qariyb 1,8 foizga qadrsizlandi. Bu haqda Markaziy bankning Real samarali almashuv kursi sharhida keltirilgan.
May oyida real samarali almashuv kursining qadrsizlanishiga asosan savdo-hamkor davlatlardagi yuqori inflyatsiya darajasi hamda valyuta kurslaridagi turli yo‘nalishdagi o‘zgarishlar bilan izohlanadi.
May oyidagi real samarali almashuv kursi indeksi dinamikasida:
• oshiruvchi omillar: ichki inflyatsiya – 1 foiz band, so‘m almashuv kursi – 1,7 foiz bandni;
• pasaytiruvchi omil: savdo-hamkor davlatlar inflyatsiyasi – 1 foiz bandni, savdo-hamkor davlatlar valyuta kurslari o‘zgarishi – 3,6 foiz bandni tashkil etdi.
Asosiy savdo-hamkor davlatlarning valyutalari kursi may oyi davomida AQSH dollariga nisbatan turlicha dinamikani namoyon etdi.
Rossiya rubli may oyida 19 foizga mustahkamlandi. 27 may kuni Rossiya Markaziy banki asosiy foiz stavkasini 14 foizdan 11 foizgacha pasaytirdi.
Qozog‘iston tengesi ham aprel oyida 5 foizga mustahkamlandi. Bu asosan xorijiy valyutaga bo‘lgan talabning stabillashgani hamda Rossiya rublining mustahkamlanishi bilan izohlanadi.
Turk lirasi esa mazkur oy davomida 6 foizga qadrsizlandi. Inflyatsiyaning yuqori darajada saqlanib qolayotganligi hamda neft mahsulotlarning qimmatlashishi Turkiya pul birligiga salbiy bosim o‘tkazmoqda.
May oyida Xitoy yuani 4 foizga qadrsizlandi. Mazkur oyda ham pandemiya bilan bog‘liq cheklovlarning saqlanib qolishi sababli Xitoyda iqtisodiy faollik past darajada saqlanib qolmoqda.
2022 yil may oyida asosiy savdo-hamkor davlatlarning deyarli barchasida inflyatsiya ko‘rsatkichi o‘sishda davom etdi.
Rossiyada oylik inflyatsiya o‘tgan oyiga nisbatan sekinlashib, 0,17 foiz (yillik hisobda 17 foiz) atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Meva va sabzavotlar bozorida narxlarning mavsumiy pasayishi, shuningdek, qurilish materiallari narxlariga bosimning saqlanib qolayotganligi oylik inflyatsiya dinamikasiga asosiy hissa qo‘shdi.
Qozog‘istonda oylik inflyatsiya 1,4 foizni tashkil etib, yillik hisobda 14 foizga yetdi. Bunda oziq-ovqat mahsulotlari yillik hisobda 19 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari esa 11,9 foiz hamda xizmatlar narxlari 9,1 foizga o‘sdi.
Turkiyada oylik inflyatsiya qariyb 3 foizga yuqorilab, yillik hisobda 73,5 foizgacha o‘sdi. Narxlar o‘sishiga, asosan, yoqilg‘i hamda import mahsulotlari katta hissa qo‘shgan. Shuningdek, mamlakatda ishlab chiqaruvchilar narxlari indeksi oylik hisobda 8,8 foizga o‘sib, yillik 132,2 foizga yetdi.
LiveBarchasi