“Matbuotchilar uyi” auksiondan olindi. Bunda Ortiqo‘jayevning qo‘li bormi?
Jamiyat
−
27 noyabr 2019
6743Avvalroq, poytaxt Toshkentning Matbuotchilar ko‘chasi 32-uyda joylashgan “Matbuotchilar uyi” yana sotuvga qo‘yilgani, 18.722 kv.m dan iborat maydoni 9.890 kv.m bo‘lgan litr 0001-7 qavatdan iborat yer to‘lali chordak qavatli ma’muriy binoning 3,4,5,6,7 qavatlari va chordoq qismi Iqtisodiy sudlarning ijro hujjatiga asosan 18 750 000 000.00 so‘m bilan sotilayotgani haqida xabar bergan edik.
Joriy yilning 18 noyabr kuni E-ijro auksion ochiq auksioniga qo‘yilgan e’lon bugunga kelib olib tashlangan. Qayd etilishicha, bino yana sotilmaydigan bo‘lgan. Bu haqda O‘zA yozmoqda.
“Matbuot uyi” auksionga qo‘yilgani haqidagi ma’lumot chiqqach, ijtimoiy tarmoqlarda jurnalistlar tomonidan norozilik bildirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2018 yilning 21 aprel kuni ushbu bino 15 milliard qarzdorligi uchun auksionga qo‘yilgan.
“Matbuotchilar uyi” Toshkent shahar “Toshbozorsavdo” uyushmasi tomonidan “O‘zsanoatqurilishbank”ga garovga qo‘yilgan.
Toshkent shahar hokimiyati qarori bilan “Toshbozorsavdo” uyushmasiga kredit olish maqsadida garov ta’minoti sifatida “Matbuotchilar uyi” qo‘yilgan. Biroq “Toshbozorsavdo” uyushmasi nodavlat, notijorat maqomga ega bo‘lib, uyushma “Matbuotchilar uyi”ni garovga qo‘yish huquqiga ega emas. Garovga qo‘yish huquqi va qaror Toshkent shahar hokimiyati tomonidan 2016-2017 yillarda amalga oshirilgan.
Hokimiyat 2016-2017 yillarda bozorlarni ta’mirlash, qurish evaziga “Matbuotchilar uyi”ni, ya’ni ma’rifat maskanini qurbon qilgan. Kredit “Toshbozorsavdo” uyushmasi xarajatlari uchun olingan va sarflangan. O‘shanda qarzdorlik miqdori 15 milliard ekanligi aniqlangan, auksionda esa 18 milliard 750 ming so‘m miqdorida sotilishi ko‘rsatilgan.
O‘zAning taxminicha, "Matbuotchilar uyi" auksion savdosidan olib tashlanishida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning ishtiroki bor.