Masjidlar eshigi tagida nega Ichki ishlar xodimlari turadi?
Intervyu
−
25 iyul 2019
12157Ma’lumki, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 2 mingdan ortiq jome masjidlarigi kiraverishda Ichki ishlar organi xodimlariga ko‘zimiz tushadi. Bu esa ijtimoiy tarmoqlarda, xalqaro ommaviy axborot vositalarida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ladi. Mazkur holatni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi – muftiy Usmonxon Alimov o‘zi bilan o‘tkazilgan suhbatda quyidagicha izohladi.
“Din va e’tiqod masalasi inson ma’naviyatining ajralmas qismi bo‘lib, ular kecha yoki bugun paydo bo‘lgan tushunchalar emas. Har bir zamon hamda makonda din va e’tiqod kabi o‘ta hassos tuyg‘ularga daxl qiladigan kuchlar, ularni turlicha talqin etadigan shaxslar uchrab turadi. Mamlakatimizda din va e’tiqod bobida yaratilgan shart-sharoitlarni, musulmonlarga berilayotgan imkoniyatlarni g‘arazli maqsadda talqin qilayotganlarga shu jihatdan baho bergan ma’qul.
Internetdagi ba’zi axborot manbalarida masjidlarimiz atrofida ichki ishlar idoralari xodimlarining turishi namozxonlarning diniy arkonlarini emin-erkin bajarishiga to‘sqinlik sifatida baholangani haqiqatga qanchalik mos? Ushbu holatga vijdonan yondashsak, xolis nazar bilan qarasak, bu aksincha, ibodat qiluvchilarning xavfsizligini ta’minlashga, xotirjamlikka xizmat qilayotganini anglashimiz qiyin emas. Yoki ba’zi yurtdoshlarimizning diniy qarashlari uchun bosim ostida qolayotgani haqidagi uydirmalarni olaylik. Bugun yurtimizda bilib-bilmay adashgan, turli aldov va firiblar qurboni bo‘lgan insonlar ham avf etilib, ularga bag‘rikenglik ko‘rsatilayotganini kim bilmaydi?! Prezidentimiz tashabbusi bilan hatto 156 nafar o‘zbekistonlik ayol va bolaning Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar o‘chog‘idan Vatanimizga qaytarilganini jahon afkor ommasi yuksak insonparvarlik namunasi sifatida e’tirof etdi. Diniy qarashlari tufayli “qora ro‘yxat”ga kiritilgan minglab yurtdoshlarimiz bugun emin-erkin. Ularni “Sen ro‘yxatdasan, nima qilyapsan?”, deb hech kim bezovta qilayotgani yo‘q. Bugun ularning oldiga borayotganlar ham nazorat uchun emas, yaxshi niyatda, “Nima kamchiligi bor ekan, qanday yordamimiz tegarkan?”, degan o‘yda bormoqda. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, ularning issiqxonalar qurishi, ishga joylashishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, mahalla bilan aralashib ketishiga ko‘maklashilyapti”.
Usmonxon Alimov yaqinda O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi bilan birga AQSH poytaxtida bo‘lib qaytdi. U AQSH davlat departamenti, AQSH Tinchlik instutiti, Xelsinki komissiyasi rahbariyati, AQSH senati a’zolari, AQSH Prezidenti yordamchisining o‘rinbosari, Milliy xavfsizlik kengashining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha katta direktori Liza Kyortis, AQSHning xalqaro diniy erkinlik sohasidagi maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Samuel Deyl Braunbek bilan muloqot o‘tkazgan. Uchrashuvlarda O‘zbekistonda diniy erkinliklar, inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yutuqlar haqida so‘zlab bergan.
Muftiy ayni vaqtda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni yangi tahrirda qayta tayyorlanayotganini aytdi.
“O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahririni tayyorlashda faol ishtirok etmoqdalar. Ulamolar o‘zlarining aniq va asoslantirilgan takliflarini taqdim etdilar hamda ular qonun loyihasiga kiritildi.
Bu boradagi ishlarimiz mamlakatimizda e’tiqod erkinligini ta’minlash, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada kuchaytirishga xizmat qilishiga ishonamiz”, deydi Usmonxon Alimov.
LiveBarchasi