Mast holda mashina olib qochgan sudya ishdan olindi
3-sahifa
−
30 aprel 16849 2 daqiqa
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudi sudyasi mast holda avtomashinani olib qochgani haqida xabarlar tarqalib, sudyaning xizmatdan tashqari vaqtdagi xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani xabar qilingandi. Ushbu sudya lavozimidan ozod qilindi hamda uning sudyalik vakolati muddatidan ilgari tugatildi. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi xabar berdi.
Qayd etilishicha, xizmat tekshiruvi xulosasi Toshkent shahar sudlari sudyalari malaka hay’atida muhokama qilinib, qabul qilingan qarorga ko‘ra, Rustam Rahmonov ismli ushbu sudya yozma arizasi va Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzgani asoslari bilan lavozimidan ozod qilingan hamda sudyalik vakolati muddatidan oldin tugatilgan.
Hozirda boshqa sudyalarning xatti-harakatlari ham o‘rganilib, xizmat tekshiruvining ularga oid qismi ko‘rib chiqish uchun tegishli sud sudyalari malaka hay’atiga taqdim etilgan.
Rustam Rahmonov 2024 yilning dekabr oyida Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi sudyasi lavozimida bo‘lishining navbatdagi 10 yillik muddatiga tayinlangandi.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 267-moddasida transport vositasini olib qochish bo‘yicha javobgarlik belgilangan. Unga ko‘ra, transport vositasini olib qochgan shaxs 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan. O‘sha harakat takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, zo‘rlik ishlatib yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, transport vositasini talon-toroj qilish maqsadida o‘g‘rilik yoki talonchilik yo‘li bilan sodir etilgan bo‘lsa, 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agar mashinani olib qochish jinoyati o‘ta xavfli retsidivist, uyushgan guruh tomonidan transport vositasini talon-toroj qilish maqsadida bosqinchilik yo‘li bilan sodir etilgan bo‘lsa, jinoyatni sodir etgan shaxs 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida qiziqchi Shukurullo Isroilovning avtomobili olib qochilgani haqida xabar berilgandi. Ushbu mashinani olib qochgan yigit 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Shuningdek, Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida mast holatda avtomashina olib qochgan tojikistonlik 3 yil-u 6 oyga qamaldi.
Live
Barchasi