Masofaviy ishlash va o‘qishga o‘rganish kerak – Norboyeva pandemiya kelasi yil ham davom etishiga sha’ma qildi

Jamiyat

image

Ma’lumki, O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi sabab 22 martdan buyon Respublika maxsus komissiyasining talabi va tavsiyasiga binoan ko‘plab davlat idoralari va nodavlat tashkilotlar masofaviy ish rejimiga o‘tdi. Ammo O‘zbekiston qonunchiligida masofaviy ta’lim, masofaviy mehnat o‘z aksini topmagani uchun bu juda ko‘plab qiyinchiliklarni tug‘dirdi. Ayni vaqtda davom etayotgan Oliy Majlis Senatining beshinchi yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyeva ushbu masalani o‘rtaga tashladi. 

“Karantin sharoitida ko‘rdikki, qonunchiligimizda masofaviy ta’lim, masofaviy mehnat, masofaviy xizmat ko‘rsatish va boshqa masalalar nazarda tutilmagan. Mana shunday sharoitda yashashga, ishlashga, muloqot qilishga o‘rganishimiz kerak. Bu hali qancha davom etishini Xudo biladi. Pandemiya bir-ikki oyda tamom bo‘lgan taqdirda ham keyingi yilda bunday holat yuz bermasligiga kim kafolat beradi?”, deydi Norboyeva. 

Norboyevaga ko‘ra, karantin davrida ko‘plab tashkilotlar, korxonalar xodimlarini roziligisiz pulsiz mehnat ta’tiliga chiqargan. 

“Ishlash sharoitida ko‘rdikki, tadbirkorlarimiz, davlat xizmatchilarimiz uchun, umuman aholi uchun qonunlarda ko‘zda tutilmagan masalalar juda ko‘p noqulayliklar, qiyinchiliklar tug‘dirdi. Shularni inobatga olib, biz vazirlik va idoralarning 30  ga yaqin vakillari ishtirokidagi tarkibda ishchi guruh va senatorlarimiz boshchiligida tegishli qonunchilik yo‘nalishlari bo‘yicha kichik guruhlarni shakllantirdik. Kelgusida ham biz bu masalani Senat Kengashi majlisida ko‘rib chiqamiz. Maqsadimiz Qonunchilikni mana shunday holatlarga moslashtirish. 

Mana aytaylik, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun. Masofaviy ta’lim ushbu qonunda, albatta, aks ettirilishi kerak.  Mehnat qonunchiligida, albatta, masofaviy mehnat masalalari aks ettirilishi kerak. Bunda xodimlarning mehnat huquqlari poymol qilinmasdan hal etilishi kerak. Masalan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan qandaydir hujjat qabul qilingan va u yerda cheklashlar mavjud. Oylik berishda, pul to‘lanmay ta’tilga chiqarib yuborishda yoki xodimning roziligisiz mehnat ta’tiliga chiqarib yuborish holatlari bo‘ldi. Masofaviy ishlash sharoitlari aslida qanday bo‘lishi kerak? Mana shular mehnat qonunchiligida bo‘lishi kerak”, deydi Senat raisi. 


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Yalpi majlis Senat

Baholaganlar

123

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing