Mask uni boqimandalikda ayblagan senatorga “otvet” qildi
Olam
−
20 dekabr 2021
8550Amerikaning Tesla va SpaceX kompaniyalari rahbari, milliarder Ilon Mask joriy yilda tarixdagi barcha amerikaliklarga qaraganda ko‘proq: 11 milliard dollardan ortiq soliq to‘laydi. Bu haqda milliarder kecha, 19 dekabr’ kuni Twitter sahifasida ma’lum qildi.
O‘tgan hafta AQSH Kongressi senatori Elizabet Uorren Maskni “birovning hisobidan yashash”ni to‘xtatishga va soliq to‘lashga da’vat qilgandi. Milliarder esa bunga javoban tvit qoldirgan.
“Qiziquvchilar uchun: bu yil 11 milliard dollardan ortiq soliq to‘layman”, deb yozadi Mask sahifasida.
Joriy yil iyun oyida “ProPublica” tashkilotining amerikalik milliarderlar tomonidan to‘langan daromad solig‘i miqdori haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilishi boylik solig‘i talablarini keltirib chiqardi va bu AQSH Ichki daromadlar xizmati tomonidan tergov mavzusiga aylandi. Jurnalistik surishtiruvlari bilan mashhur portal ma’lumotlariga ko‘ra, 2014-2018 yillarda eng boy amerikaliklar to‘lagan daromad solig‘i ularning umumiy boyligi o‘sishining bir necha foizini tashkil etadi. Maskning boyligi besh yil ichida 13,9 milliard dollarga oshdi, daromadi 1,52 milliard dollarga yetdi, daromad solig‘i esa 455 million dollarni tashkil qildi. Mask besh yil davomida orttirgan boyligining 3,27 foizi miqdorida soliq to‘lagan. Garchi qonun nuqtai nazaridan milliarderlarga qarshi hech qanday da’vo yo‘q bo‘lsa-da, lekin bunday ma’lumotlarning nashr etilishi keng jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi.
Barno Dusiyarova