Mask Tramp ma’muriyatida lavozim olmasligi mumkin
Olam
−
11 noyabr
3396Amerikalik tadbirkor Ilon Mask prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Donald Trampning ma’muriyatida lavozimga ega bo‘lmasligi mumkin. Ammo u Trampning yangi prezidentlik muddatiga tayyorgarlik jarayoniga katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu haqda CNN xabar berdi.
“Mask Donald Trampga hokimiyatni topshirish davrida tobora katta ta’sir o‘tkazmoqda... Uning Tramp ma’muriyatida lavozim egallashi kutilmayapti va unga bu zarur ham emas. Maskning doimiy hukumat lavozimini egallashi ehtimoldan yiroq”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Mask Trampga qo‘ng‘iroq qilgan ba’zi dunyo yetakchilari bilan suhbatlarda qatnashgan, shuningdek, ayrim lavozimlarga nomzodlarni qo‘llab-quvvatlagan.
CNN taxminiga ko‘ra, Mask ma’muriyat qoidalariga rioya qilishi shart bo‘lmagan, biroq ta’sir va imkoniyatlarga ega bo‘ladigan qo‘mitalardan birida o‘rin egallashi mumkin.
Qayd etish joiz, avvalroq Donald Tramp prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonsa, hukumat samaradorligini oshirish uchun komissiya tuzishga va’da berib, unga Ilon Mask rahbarlik qilishini aytgan edi. O‘z o‘rnida, Tesla rahbari ham sobiq prezident bilan komissiya haqida suhbatlar o‘tkazgani va unda xizmat qilishdan manfaatdor bo‘lishini ta’kidlagandi.
Eslatib o‘tamiz, Tramp joriy yil 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida yana g‘alaba qozondi va XIX asrdan buyon birinchi bo‘lib to‘rt yillik tanaffusdan so‘ng Oq uyga qaytgan siyosatchiga aylandi. Demokratik partiya nomzodi Kamola Harris tarafdorlari oldida o‘z mag‘lubiyatini tan oldi va amaldagi AQSH Prezidenti Jo Bayden Tramp bilan suhbatlashib, uni g‘alabasi bilan tabrikladi.
LiveBarchasi