Mash’um tun: Qorabog‘ning qonli tarixi

Tahlil

image

1992 yilning 25 fevraldan 26 fevralga o‘tar kechasi. Qahraton qish, kun sovuq, shamol urib turibdi... Arman qurolli kuchlari Xonkeldida qaror topib, sobiq Ittifoqning 366-motoo‘qchi polki Xo‘jali shaharchasiga bostirib kirdi. To‘plardan o‘q uzildi. Tinch aholi qayerga qochishini bilmay, sarosimida uylarini tark etdi.  26 fevral tongi soat 05:00 da bosqinchilar shaharni egallashdi. Bir kecha ichida qadimgi Xo‘jali  yer bilan yakson qilinadi.  Qurollangan arman zobitlari esa qahraton qishda jonini saqlash umidida toqqa qochishga  uringan aholini o‘qqa tutdilar. Ozar xalqi o‘sha mudhish tunni unutgani yo‘q. Bu voqealarga esa bugun 27 yil to‘ldi.

Xo‘jali qirg‘ini Ozarbayjon xalqiga qarshi qaratilgan,  o‘zining mislsiz shafqatsizligi va mahv etishning noinsoniy uslublari bilan insoniyat tarixidagi eng yirik vahshiyliklardan biri edi. 

XX asrning fojiasi sanalmish Xo‘jali genotsidini bugun ko‘plab siyosatdonlar va kuzatuvchilar Xatin,  Xirosima,  Nagasaki,  Songmi kabi fojialar bilan bir safda tilga olishayotgani bejiz emas. 

Related image

Xo‘jali tumani Ozarbayjonning tog‘li, Qorabog‘ viloyatida joylashgan. U Ozarbayjon SSR tarkibiga kirgan sobiq Tog‘li-Qorabog‘ muxtor viloyatining bir qismi bo‘lib, 1991 yilning 26 noyabrida tugatilgan.  Muxtor viloyat Armaniston SSRning hududiy e’tirozlariga javoban tuzilgan sun’iy ma’muriy tuzilma bo‘lgan.  Armaniston mazkur hududga da’vogarlik qilar ekan, viloyatda armanlar ko‘pchilikni tashkil etishi maqsadida ma’muriy chegaralar qasddan shunday tuzilgan.  Xo‘jali ozarbayjonlar aholining ko‘pchiligini tashkil etgan Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyatidagi kamsonli aholi punktlaridan biri edi. 

1990 yillar boshida mintaqa qurolli mojaro bilan qamrab olingandi: Armaniston Ozarbayjonga qarshi agressiv harbiy harakatlarini boshladi, bu bilan ozarbayjon hududlarini bosib olishga oid azaliy rejalarini amalga oshirishga kirishdi.  Mazkur rejaning markaziy qismi Tog‘li Qorabog‘ni Ozarbayjondan bir tomonlama ajratib olish va uni Armaniston tarkibiga qo‘shib olish bo‘lgan. Natijada Armaniston mazkur mintaqani, jumladan, Xo‘jali va Ozarbayjonning boshqa yettita tumanini ishg‘ol etdi. Ushbu agressiyaning oqibati sifatida urush 30 ming insonning boshiga yetdi. Bir millionga yaqin ozarbayjonliklar qochoqqa va majburiy ko‘chmanchiga aylandi, minglab odamlar dom-daraksiz yo‘qoldi.
 
Xojali qirg‘ini vaqtida 613 kishi o‘ldirildi,  1000 nafar turli yoshdagi tinch aholi olingan jarohatlardan nogiron bo‘lib qoldi. 106 nafar ayol, 63 nafar go‘dak, 70 nafar qariya qatl etildi, 8 oila to‘laligicha yo‘q qilindi, 25 nafar bolalar ham otasidan, ham onasidan judo bo‘ldi, 130 nafari ota-onasining biridan ayrildi. Fojia kuni tunda 1275 tinch fuqaro asirga olindi, ulardan 150 nafarining taqdiri hanuzgacha noma’lum. 

“Memorial“ inson huquqlarini himoya qilish markazining hulosasida 1992 yilning 25 fevralidan 26 fevraliga o‘tar kechasi Xo‘jalida inson huquqlarini ommaviy ravishda buzilishi va okkupatsiyadan oldin u yerda 2-4 ming kishi shaharning bir necha yuz himoyachilar bilan yashaganligi ta’kidlangan. Xo‘jalini himoya kuchlari, Ozarbayjon Ichki Ishlar Vazirligi politsiyasi hamda Ozarbayjon Milliy armiyasi askarlari himoya qilgan.

Qochish orqali o‘zini qutqarmoqchi bo‘lgan aholining bir qismi oldindan qo‘yilgan pistirmalarda o‘ldirildi. Rossiya inson huquqlarini himoya qilish “Memorial” markazining ma’lumotiga ko‘ra, to‘rt kun mobaynida Xo‘jalidan Agdamga 200 nafar kishining jasadi keltirilgan, o‘nlab murdalar ustidan tahqirlash faktlari qayd etilgan.  Agdamda 181 jasad (130 nafar erkak va 51 nafar ayol, shu jumladan, 13 nafar bola) sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazilgan. Ekspertiza davomida 151 nafar kishining o‘limiga o‘qdan yaralanish, 20 kishining o‘limiga oskolka jarohati, 10 kishining o‘limiga qattiq buyum bilan zarba berish sabab bo‘lgani aniqlangan. Huquqiy himoya markazi tomonidan tirik odamlarning terisini shilish faktlari qayd etilgan. 

Ushbu qonli hodisaga guvoh bo‘lgan, oilasidan faqat go‘dak qizi va to‘rt yoshli o‘g‘linigina qutqarib qolgan yosh ona ko‘zida yosh bilan Xo‘jalining qalbni larzaga keltiradigan tarixini shunday hikoya qiladi:  

“Odamlardan, hatto, ov miltig‘ini ham tortib olishdi. Bizda o‘zimizni himoya qilish uchun hech qanday imkoniyat yo‘q edi. Faqat turmush o‘rtog‘im qurolini berkitishga muvaffaq bo‘ldi. Olov ichida yonayotgan shahardan Xo‘jalining eng chekka qismiga arang yetib oldik. Keyin ta’qib etayotgan jangarilar bizga qarata o‘q uzayotganlarini ko‘rdik. Ular bizni yo o‘ldirmoqchi yoki asirga olmoqchi edilar. Erim to‘xtab ularga qarata o‘q uzdi. U “qochinglar, sizni ushlab olishlariga yo‘l bermang!”, deya qichqirardi. Oilamizning ayrim a’zolari o‘q tegib yerga yuztuban yiqilishdi. U jangarilar bilan ayovsiz jang qilardi. Men ikkita bolam bilan yalangoyoq, bosh kiyimsiz yugurib, qorong‘ida shoh-shabbalar orasiga yashirindim. Erimdan uzoqlashib borganim sari uning “qochinglar, yashirininglar, qo‘lga tushmanglar!” degan hayqiriqlari elas-elas eshitilardi.  Biz qochib qutuldik, u esa qurbon bo‘ldi…”

Xo‘jali genotsidining insoniyatga qarshi sodir etilgan jinoyat sifatida tan olinishi nafaqat Ozarbayjon uchun, balki dunyo birligi uchun xalqaro ahamiyatga ega.  

Related image

1994 yil fevralda Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi tomonidan Xo‘jali voqealari genotsid deb e’lon qilinishi o‘ziga xos ahamiyatga ega bo‘ldi.  O‘sha paytdan boshlab Xo‘jali fojiasi insoniyatga qarshi eng og‘ir jinoyat sifatida keng miqyosda eslanadigan bo‘ldi.  Haydar Aliyevning 1998 yilda imzolagan “Ozarbayjonliklarga qarshi genotsid to‘g‘risi”dagi Farmonida ozar fuqarolarining ommaviy qirg‘in etilishi genotsid xususiyatiga egaligi va ozarbayjonliklarning etnik tozalash siyosati hisoblanishi ochiq aytiladi. Farmonga ko‘ra, yuz yildan ortiq davom etgan genotsid qurbonlari xotirasi uchun 31 mart sanasi “ozarbayjonliklarning genotsidi Kuni” deb e’lon qilindi. 

Mojaroning dastlabki yillarida arman qurolli bandalari tomonidan Tog‘li Qorabog‘ning ozarlar yashaydigan Kyarkijahon, Meshali, Gushchular, Garadagli, Agdaban va boshqa qishloqlarida amalga oshirilgan xunrezliklar va nihoyat, Xo‘jalidagi genotsid bir umrga “jafokash” armanlar vijdonidagi qora dog‘ bo‘lib qolishiga shubha yo‘q. 

Bugungi kunda Xo‘jali genotsidini Ozarbayjondan tashqari, Pokiston hamda Sudan tan olgan. Parlament darajasida fojiani Meksika, Kolumbiya, Chexiya, Bosniya va Gersegovina, Jibuti, Peru, Gonduras, Panama, Iordaniya, Ruminiya va Shotlandiya tan olgan. AQSHning 22 shtati Xo‘jali genotsidini tan olish haqidagi hujjatni qabul qilgan.  
 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Ozarbayjon genotsid Xo'jali

Baholaganlar

670

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing