Rossiyada sudlangan o‘zbekistonlik “manyak”ning qotilliklari tarixi oshkor etildi
Olam
−
03 aprel 2019
41324Avvalroq, 10 kishini o‘ldirganlikda ayblanayotgan o‘zbekistonlik "manyak" Rossiyada sud qilinayotgani, hukmga ko‘ra, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishi haqida xabar bergan edik.
Kecha, 2 aprel kuni 45 yoshli O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Baxtiyor Matyoqubov davomiy ravishda ayollarni o‘ldirib borganligi uchun, Moskva shahri sudi tomonidan umrbod ozodlikdan mahrum etildi.
“Manyak” sifatida qaralayotgan qotil turli yillarda O‘zbekistonda, Ukrainada va Rossiyada 10 ta ayolni o‘ldirgan.
Qayd etilishicha, uning “o‘lja”lari faqatgina ayollar bo‘lgan. Bunga sabab sifatida, bir necha yillar oldin Moskvada ma’shuqasi unga xiyonat qilib tashlab ketgani aytilmoqda.
OAVning qayd etishicha, jinoyatchi ilk bor o‘smirlik davrida O‘zbekistonda talonchilik va tajovuzda ayblanib, 15 yil muddatga qamalgan.
Keyinchalik, Baxtiyor Rossiya poytaxtiga ishlash maqsadida kelgach, ikki oydan so‘ng o‘g‘irlikda ayblanib, qamalgan. U 2014 yilning noyabr oyida qamoqdan ozodlikka chiqarilgan. Shundang so‘ng qator dahshatli qotilliklarni sodir etishni boshlagan.
O‘tkir retsidivist Moskvada qarindoshlari bilan ijaraga olgan uyida yashab kelgan. 2014 yil yangi yil arafasida Matyoqubov tasodifan o‘z ma’shuqasining telefonda begona erkak bilan yozishmalarini ko‘rib qoladi. Natijada janjal kelib chiqadi va ma’shuqasi uni tark etadi.
Shundan so‘ng, Baxtiyor g‘azabiga chiday olmay, ko‘cha kezishni boshlaydi. Kunlarning birida u Moskva metrosida 36 yoshli Yuliya bilan tanishib qoladi. Yuliya uni uyiga taklif etadi va jinoyatchining birinchi qurboniga aylanadi. Yuliyaning jasadi o‘z uyiga yashirilgan holatda ikki yildan so‘ng topilgan.
2015 yil boshida O‘zbekistonga qaytgan Baxtiyor Toshkentda ham uch kishining umriga zomin bo‘lgan. Ular dorixona xodimasi, modalar uyi ishchisi va shu yerda ishlaydigan tikuvchilar edi.
Oradan vaqt o‘tib, Matyoqubov avtobuslarda Ukraina poytaxti Kiyevga yetib oladi. Kiyevda dastlab iti bilan sayrga chiqqan 45 yoshli ayolni o‘ldiradi. Bir necha kundan so‘ng bog‘da sayr qilib yurgan 77 yoshli nafaqadagi kampirni gumdon qiladi. Shundan so‘ng, u kunduz kuni gul sotuvchisiga hujum qiladi. Ayol baqirib hammaning e’tiborini tortadi va qotilning qo‘lidan qutulib qoladi.
“Manyak” Kiyevdan Moskvaga qaytadi va yangi qotilliklarni rejasini tuza boshlaydi. Tergov qaroriga ko‘ra, qotil Moskvada odamlar kam bo‘lgan joylarda ayollarga hujum qilgan. U ham kunduzi, ham kechqurun bir nechta qotilliklar sodir etgan. Matyoqubov Rossiya poytaxtida 2015 yilning 17 martidan 9 apreliga qadar beshta ayolning o‘limiga sababchi bo‘lgan. E’tiborlisi, ulardan biri voyaga yetmagan qizaloq bo‘lgan.
Sudda qizaloqni nega o‘ldirgani to‘g‘risidagi savolga, qizaloqnning sochlari sariq va ko‘zlari yorqin moviy rangda bo‘lgani unga yoqmaganini aytib o‘tgan.
Yana bir dahshatli jihat shundaki, “manyak” barcha qotilliklarini “Sherxon” nomli maxsus pichog‘ida amalga oshirgan.
Baxtiyor Matyoqubov qo‘l urgan qotilliklarni ochishda u ishlatgan uyali aloqa telefonidan foydalanilgan. Avvaliga telefon to‘liq taftishdan o‘tkazilgan. Qo‘ng‘iroqlar, yozishmalar, u bo‘lgan manzillar bir-biriga bog‘lab chiqilib, kalavaning uchi topilgan. Huquq-tartibot idoralari ayblanuvchi qayerda yashashini aniqlashdi, u yerda tintuv davomida ikki qurbonning qon izlari bo‘lgan kiyim-kechak topilgan va jinoyatchi xalqaro qidiruvga berilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Matyoqubov Ukrainada qo‘lga olingan va 2017 yilda Rossiyaga ekstraditsiya qilingan.
E’tiborli jihati, Baxtiyor Matyoqubov bir necha yillar oldin xristianlik dinini qabul qilgan. Sud jarayonida “manyak” o‘zini kamtar tutgan holda, qilgan qotilliklari uchun kechirishlarini va suddan yengilroq jazo berishlarini so‘ragan.
Moskva sudi tomonidan hukm o‘qildi. Unga ko‘ra, Baxtiyor Matyoqubov O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinadi. U bu yerda Toshkentda amalga oshirgan jinoyatlari uchun yana sud qilinadi.
Ma’lumot uchun, qotilning advokati Marina Yefimenko Moskva sudi chiqargan qaror yuzasidan hech qanday shikoyat qilinmasligini bildirdi.
LiveBarchasi