Mash’um dekabr yoxud 25 ming kishining yostig‘ini quritgan zilzila

Tahlil

image

Bundan roppa rosa 32 yil avval, ya’ni 1988 yil 7 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:41da Armanistonda dahshatli zilzila sodir bo‘ldi. 30 soniya davom etgan bu fojia mamlakat janubi-g‘arbida joylashgan Spitak shahrini deyarli vayron qildi, Leninakan (hozirgi Gumri), Kirovakan (hozirgi Vanadzor) va Stepanavan shaharlariga katta zarar yetkazdi. Hammasi bo‘lib tabiiy ofatdan 21 shahar, shuningdek, 350 qishloq (ulardan 58 tasi butunlay vayron bo‘lgan) jabr ko‘rdi.

Epimarkaz – Spitak shahrida zilzila kuchi 10 ball (12 balli shkala bo‘yicha), Leninakanda to‘qqiz ball, Kirovakan sakkiz balga yetdi.

Zilzila nima va u qanday sodir bo‘ladi?

Zilzila (yer qimirlashi) – yer po‘stida yoki mantiyaning yuqori qismida to‘satdan siljish, sinish yoki o‘pirilish ro‘y berishi oqibatida vujudga keladigan va to‘lqinsimon tebranishlar tarzida uzoqlarga tarqaladigan yer osti silkinishidir. Zilzilalar yuzaga kelish sabablariga ko‘ra, to‘rtta guruhga – tektonik, vulqonli, o‘pirilish va texnogenga bo‘linadi.

Yer po‘stining har xil chuqurligida tabiiy kuchlar ta’sirida sodir bo‘ladigan silkinishlar tektonik zilzila deyiladi. Ular yer qa’ridagi harakat va jarayonlarning mahsuli bo‘lib, bu jarayonlarning kinetik quvvat tarzida birdan sarflanishi oqibatidir. Vulqon ta’siridagi – vulqonli va ichki o‘pirilish bo‘lgan – o‘pirilish zilzilalari kuchsiz bo‘lib, uning kuchi tektonik zilzilalarning eng kuchsizlariga teng hisoblanadi.

Texnogen zilzilalar esa insonning muhandislik faoliyati bilan bog‘liq tarzda bo‘ladi. Buni oxirgi yillarda avj olgan zilzilaning yangi va sun’iy turi deyishimiz mumkin. Bunday yer silkinishlari yirik suv ombori vujudga kelgan hududlarda, gaz-neft mahsulotlarining yer ostidan so‘rib olinishi jarayoni amalga oshiriladigan maydonlarda yuz bermoqda.

Zilzilalar yer sharining tektonik jihatdan eng faol bo‘lgan tog‘ tizmalari joylashgan hududlarida ko‘proq bo‘ladi. Bu joylar geologik iborada yer yuzining belbog‘i (mintaqali) buzilish joylari deb yuritiladi. Dunyo tarixida kuchli va falokatli zilzilalar ko‘p bo‘lgan. Ulardan biri Spitak zilzilasi.

O‘nta atom bombasiga teng energiya ajralib chiqqan

Tabiiy ofat Armanistonning shimolida sodir bo‘lib, hududning taxminan 40 foizini qamrab olgan va silkinishlar, hatto, Armaniston poytaxti Yerevan va Gruziya poytaxti Tbilisida ham sezilgan.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, yer qobig‘ining yorilishi zonasida zilzila paytida har biri 1945 yilda Yaponiyaning Xirosima shahriga tashlangan atom bombasidan o‘ntasining portlashiga teng energiya ajralib chiqqan. Zilzila natijasida yuzaga kelgan to‘lqin Yevropa, Osiyo, Amerika va Avstraliyadagi ilmiy laboratoriyalardagi uskunalarda ham qayd etilgan.

Zilziladan so‘ng, epimarkaz hududida atigi bir oy ichida Kavkaz seysmologik xizmati yuzdan ortiq kuchli silkinishni qayd etgan. Asosiy zarbadan to‘rt daqiqa o‘tgach, kuchli tebranish sodir bo‘lib, uning tebranishlari birinchi boshlangan seysmik to‘lqinlarga qo‘shilib, zilzilaning zararli ta’sirini kuchaytirgan.

Tabiiy ofat natijasida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 25 ming kishi halok bo‘lgan, 140 ming kishi nogiron bo‘lib qolgan, 514 ming kishi uyidan ayrilgan.

Falokatning og‘riqli nuqtalari

Tabiiy ofat tufayli Armanistonning ikkinchi yirik shahri bo‘lgan Leninakandagi uy-joy fondining 80 foizidan ortig‘i va Kirovakandagi binolarning yarmi vayron bo‘ldi.

Zilzila respublikaning sanoat salohiyatining qariyb 40 foizini ishdan chiqardi. 210 ming o‘quvchiga mo‘ljallangan o‘rta maktablar, 42 ming o‘rinli bolalar bog‘chalari, 416 ta sog‘liqni saqlash muassasalari, ikkita teatr, 14 ta muzey, 391 ta kutubxona, 42 ta kinoteatr, 349 ta klub va madaniyat uylari vayron bo‘lgan.

600 kilometrlik avtomobil yo‘llari, 10 kilometrlik temir yo‘llar ishdan chiqqan, 230 ta sanoat korxonalari to‘liq yoki qisman vayron bo‘ldi. Respublika hududining deyarli uchdan birida ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma o‘z faoliyatini to‘xtatgan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy zarar 10 milliard rublni tashkil etgan (1988 yil uchun). Tiklash xarajatlarini hisobga olgan holda, bu miqdor ikki baravarga ko‘paygan.

Mutaxassislarning fikricha, Armanistondagi zilzilaning halokatli oqibatlari mintaqaning seysmik xavfini kam baholangani, zilzilaga bardoshli qurilish to‘g‘risidagi me’yoriy hujjatlarning nomukammalligi, qurilish sifatining pastligi, shuningdek, qutqaruv xizmatlarining yetarlicha tayyorlanmaganligi sababli yuzaga kelgan.

Milliy foijaga qarshi hamma birdek kurashdi

Armanistondagi zilzila milliy fojiaga aylandi. Butun Sovet Ittifoqi yordamga keldi. SSSR Vazirlar Kengashining Raisi Nikolay Rijkov fojia oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha komissiyani boshqardi.

Tabiiy ofat zonasida mahalliy aholiga birinchi yordamni zararlangan shaharlarda joylashgan harbiy qism askarlari berdi. Zilzila haqida ma’lum bo‘lgach, SSSR Mudofaa vazirligining harbiy dala jarrohlari va dori-darmonlari ortilgan samolyoti, zudlik bilan Moskvadan uchib keldi. Fojia sodir bo‘lganidan keyingi kun SSSR Sog‘liqni saqlash vaziri Yevgeniy Chazov boshchiligidagi 98 nafar yuqori malakali shifokorlar va harbiy dala jarrohlari guruhi Moskvadan Armanistonga yetib keldi. Birinchi kunning o‘zida harbiy shifokorlar 1200 nafar jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatdi.

Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi (KPSS) Markaziy Qo‘mitasining Bosh kotibi, SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining raisi Mixail Gorbachyov 1988 yil 10 dekabrda rejalashtirilgan AQSHga rasmiy tashrifini to‘xtatib, Leninakanga uchib boradi. U joylarda olib borilayotgan qutqaruv va tiklash ishlarining borishi bilan tanishdi. Ittifoq vazirliklari va idoralari rahbarlari bilan uchrashuvda Armanistonga zarur yordam ko‘rsatishning ustuvor vazifalari ko‘rib chiqildi.

Tabiiy ofat zonasiga butun mamlakat bo‘ylab joylashgan Fuqarolik mudofaasi askarlari yetib keldi. Harbiy xizmatchilar xarobalarni tozalab, fuqarolarni dala oshxonalarida oziq-ovqat bilan ta’minladilar. Bir necha kun davomida respublikada 50 ming chodir va 200 dala oshxonasi joylashtirildi. Birinchi bosqichdagi asosiy harakatlar tirik qolganlarni vayronalar ostidan qutqarishga qaratilgan edi. Vayronalar ostidagi odamlarni qidirish uchun SSSR Ichki ishlar vazirligining kinologik brigadalari jalb qilindi.

Umuman olganda, ko‘ngillilar bilan bir qatorda 20 mingdan ortiq askar va ofitserlar qutqaruv ishlarida qatnashdilar, vayronalarni tozalash uchun uch mingdan ortiq harbiy texnika ishlatildi. Gumanitar yordam yig‘ish butun mamlakat bo‘ylab faol ravishda amalga oshirildi.

Armanistonga har kuni 1500 vagon, yuzlab harbiy transport va fuqarolik samolyotlari qurilish materiallari, uskunalar, oziq-ovqat mahsulotlarini olib kelardi. 100 mingdan ortiq yaradorlar, uysizlar evakuatsiya qilindi.

Tashqi yordam

Armaniston fojiasi butun dunyoni larzaga soldi. Jabrlangan respublikaga Fransiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSH va boshqa mamlakatlardan shifokorlar va qutqaruvchilar yetib keldi. Yerevan va Leninakan aeroportlarida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan samolyotlar dori-darmon, qon topshirish, qurilish asbob-uskunalari va eng zarur buyumlar bilan qo‘ndi. Armanistonga barcha qit’alardan 111 davlat gumanitar yordam ko‘rsatdi.

Qayta tiklash ishlariga Sovet Ittifoqining deyarli barcha moddiy va mehnat salohiyati safarbar qilingan. Vayron bo‘lgan Armaniston viloyatlarini tiklash dasturida barcha ittifoq respublikalaridan 45 ming quruvchi qatnashdi.

Jabrlangan Spitak, Leninakan va Kirovakan shaharlaridagi qutqaruv va tiklash ishlari davomida 4328 kishi vayronalar ostidan chiqarildi, ulardan, atigi 1440 nafarigina tirik edi.  1,1 ming kvadrat metr yo‘llar tozalandi. Qayta tiklash ishlarida 1,2 ming ishchi, 55 ta kran, 20 ta buldozer, 30 ta ekskavator, 283 ta texnika qatnashdi.

SSSR qulaganidan so‘ng, tiklash ishlari dasturi to‘xtatildi va xalqaro gumanitar yordam hajmi keskin kamaydi. Shuning uchun tiklash jarayoni kechiktirildi.

Begunoh qurbonlar, rahmdil qalblar

1989 yil 7 dekabrda Armanistondagi zilzila qurbonlari xotirasiga SSSRda Armanistonga umummilliy yordam ko‘rsatishga bag‘ishlangan uch rubllik esdalik tanga muomalaga chiqarildi.

2008 yil 7 dekabrda Gyumri markazida 1988 yilgi fojiali voqealarga bag‘ishlangan yodgorlik ochilgan. Yodgorlik “begunoh qurbonlar, rahmdil qalblar” deb nomlangan.

2015 yilda Spitakdagi zilzila oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan sovet askarlariga atab ham yodgorlik ochildi. U Rossiya harbiy tarixiy jamiyatining tashabbusi bilan xalqning xayr-ehsonlari hisobidan tuzilgan.

2001 yil 24 iyulda qabul qilingan “Armaniston Respublikasining dam olish kunlari va esda qolarli kunlari to‘g‘risida”gi qonun asosida mamlakatda 7 dekabr Zilzila qurbonlarini xotirlash kuni sifatida nishonlanadi. Shu kuni Armanistonda motam tadbirlari o‘tkaziladi, marhumlarning qabrlariga gullar qo‘yiladi.

Bugungi kunga kelib, Spitak shahrining markaziy maydoni to‘liq tiklandi, supermarketlar, mehmonxonalar, zamonaviy o‘yin maydonchalari barpo etildi. Biroq, o‘sha mash’um dekabr hali ham armanlar yodidan ko‘tarilgani yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

zilzila Spitak

Baholaganlar

212

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing