Mashhur tadbirkor umrbod qamaldi
Olam
−
17:46 3496 2 daqiqa
Xitoyning eng yirik ko‘chmas mulk kompaniyalaridan biri bo‘lgan Evergrande Group asoschisi Hui Ka Yan bugun, 20 avgust kuni moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Shenchjen shahridagi sud tadbirkorning barcha shaxsiy mol-mulkini musodara qilishga ham qaror qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
67 yoshli Hui Ka Yan 2026 yil aprel oyida o‘ziga qo‘yilgan sakkizta ayblov bo‘yicha aybini tan olgan. U mablag‘lardan noqonuniy foydalanish, firibgarlik yo‘li bilan mablag‘ yig‘ish, jamoatchilik mablag‘larini noqonuniy jalb qilish, noqonuniy kredit berish, qimmatli qog‘ozlarni firibgarlik yo‘li bilan chiqarish hamda pora olish kabi jinoyatlarda ayblangan.
Sud ma’lumotlariga ko‘ra, 2016–2021 yillarda Hui Ka Yan va u nazorat qilgan kompaniyalar moliyaviy hisobotlarni soxtalashtirib, kompaniya aktivlarini sun’iy ravishda oshirgan va majburiyatlarini yashirgan. Sud bu jinoyatlar juda katta miqdordagi mablag‘ bilan bog‘liq bo‘lgani, mamlakat iqtisodiyotiga katta zarar yetkazgani va jamiyatga jiddiy zarar keltirganini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, Evergrande kompaniyasiga 8,82 milliard yuan (1,31 milliard dollar), uning asosiy sho‘ba korxonasi Hengda Real Estate’ga esa 7 milliard yuan jarima solingan. Kompaniyaning yana besh nafar yuqori lavozimli rahbari 6 yildan 18 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan. Shuningdek, Evergrande bilan bog‘liq 56 kishi sudlangan.
Ma’lumot uchun, Hui Ka Yan 1996 yilda Evergrande kompaniyasiga asos solgan. U kompaniyani katta miqdorda qarz mablag‘larini jalb qilgan holda tez sur’atlarda kengaytirib, Xitoydagi eng yirik ko‘chmas mulk ishlab chiqaruvchisiga aylantirgan. 2017 yilda uning boyligi 45,3 milliard dollarga baholangan va u o‘sha paytda Osiyoning eng boy odami bo‘lgan.
Biroq kompaniyaning qarzlari keskin oshib ketgan. Evergrande 2021 yilda qarzlarini to‘lashda muammoga duch kelib, o‘zining qariyb 300 milliard dollarlik majburiyatlarining katta qismini to‘lay olmay qolgan. Kompaniyaning qulashi Xitoydagi uzoq davom etayotgan ko‘chmas mulk inqirozining ramziga aylangan.
2024 yilda Gonkong sudi Evergrande’ni tugatish haqida qaror chiqargan. 2025 yilda esa kompaniya Gonkong fond birjasi ro‘yxatidan chiqarilgan. Shu tariqa bir vaqtlar Xitoy ko‘chmas mulk bozorining yetakchisi bo‘lgan kompaniyaning faoliyati yakunlangan.
Hui Ka Yan 2023 yilda Xitoy hukumati tomonidan hibsga olinganidan beri jamoatchilik oldida ko‘rinmagan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda sobiq adliya vaziri Tan Ichun pora olishda aybdor deb topilib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingandi.
Live
Barchasi