Xitoyda poraxo‘r sobiq vazir umrbod qamaldi
Olam
−
02 fevral 719 2 daqiqa
Bugun, 2 fevral Xitoyda sobiq adliya vaziri Tan Yichun pora olishda aybdor deb topildi va umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Xitoy Oliy xalq sudi ma’lum qildi.
Xitoy Oliy xalq sudi hukmiga ko‘ra, sobiq vazir jami 137 million yuan (hozirgi kurs bo‘yicha taxminan 19,6 million AQSH dollari – tahr.) miqdorida pora olganlikda ayblangan. Sud hukmiga binoan u siyosiy huquqlardan umrbod mahrum qilingan va uning barcha shaxsiy mulki musodara qilinadi.
Oliy xalq sudining rasmiy veb-saytida sobiq vazirning xatti-harakatlari davlat va xalq manfaatlariga ayniqsa katta zarar yetkazgani qayd etilgan. Ayblanuvchi o‘z aybini tan olgan, tergov bilan hamkorlik qilib, pushaymon bo‘lganini bildirgan.
Shuni ta’kidlash kerakki, Xitoyda korrupsiyaga qarshi kurash 2012 yilda Si Szinpin hokimiyat tepasiga kelganidan beri yanada kuchaydi. So‘nggi yillarda keng ko‘lamli kampaniya natijasida ko‘plab odamlar, jumladan, yuqori lavozimli amaldorlar lavozimlaridan chetlashtirildi va turli muddatlarga, umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.
Joriy yilning yanvar oyida Xitoy rahbari 2026-2030 yillarni qamrab oluvchi o‘n beshinchi besh yillik reja davrida korrupsiyaga qarshi choralarni kuchaytirishni buyurdi.
64 yoshli Tang Yijun 2020 yildan 2023 yilgacha Xitoy adliya vaziri bo‘lgan va faoliyati davomida turli lavozimlarda, jumladan, Lyaonin provinsiyasi gubernatori va Ningbo shahri Xitoy Kommunistik partiyasi (XKP) rahbari lavozimlarida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda 73 kishi poraxo‘rlik uchun futboldan umrbod chetlatilgan edi.