Mashhur futbolchi Qorabog‘ armanlari uchun futbolkasini sotmoqchi
Sport
−
16 iyun 2023 11293 2 daqiqa
Italiyaning “Milan” futbol klubi hamda Fransiya terma jamoasi hujumchisi Olive Jiru 2022 yil Qatarda o‘tkazilgan Jahon chempionati chorak finali doirasidagi Angliyaga qarshi o‘yin (2:1)da kiygan libosini kimoshdi savdosiga qo‘ydi. Tushgan pullar Qorabog‘ armanlariga xayriya qilinishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda "Nouvelles d’Armenie" xabar berdi.
Qayd etilishicha, futbolchi libosini uchinchi bor o‘tkazilayotgan “Night for Mission” diniy xayriya tadbiri davomida auksionga qo‘ygan. Undan tushadigan mablag‘lar ikki xristian tashkiloti “Portes Ouvertes” (Ochiq eshiklar) va “Armaniston uchun umid”ga o‘tkaziladi. Mazkur tashkilotlar rahbarlari xayriya uchun futbolchiga minnatdorchilik bildirgan.
“Olive Jiruga e’tiqodi va insonparvarligi uchun alohida rahmat”, deydi ular.

Ma’lumot uchun, 2022 yilning 11 dekabr kuni Fransiya va Angliya terma jamoalari Qatarda o‘tkazilgan Jahon chempionatining chorak finali doirasida to‘qnash kelgan hamda fransuzlar Olive Jiru tomonidan o‘yinning 78-daqiqasida kiritilgan gol evaziga Angliyani 2:1 hisobida yengib, yarim finalga yo‘l olgandi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda Krishtianu Ronaldu Kanar arxipelagining bir qismi bo‘lgan Ispaniyaning Palma oroli aholisiga yordam berish uchun terma jamoadagi futbolkasini xayriya auksioniga qo‘ygandi. Shuningdek, uning libosini Italiyaning “Atalanta” klubida to‘p suruvchi turkiyalik Merih Demiral ham kimoshdi savdosiga qo‘ygandi. Undan tushgan mablag‘ esa 2023 yilning fevral oyida Turkiyada yuz bergan zilzilalar jabrlanuvchilariga yordam berish uchun yo‘naltirilgan.
Live
Barchasi