Marshal Do‘stum Dashti-Layli voqealarini takrorlamoqchi – OAV
Olam
−
23 dekabr 2021
22953Afg‘onistondagi eng obro‘li shaxslardan biri Marshal Abdul Rashid Do‘stumning mamlakatdan qochib ketganidan keyingi birinchi surati e’lon qilindi. Bu haqda “Sputnik” nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ushbu suratni hozirda Qarshilik ko‘rsatish Oliy Kengashida Marshal bilan birga bo‘lgan hazoralar jamiyati yetakchisi Muhammad Mohakek o‘z sahifasiga joylagan. Surat Anqarada olingani taxmin qilinmoqda.
“Aamaj News” nashrining ma’lum qilishicha, Marshal Do‘stum Dashti-Layli voqealarini takrorlash niyatida. Ta’kidlanishicha, Marshal Anqarada “Afg‘oniston milliy islomiy harakati” qo‘mondonlari tarafdorlari bilan uchrashuvda shunday bayonot bergan.
Ma’lumot o‘rnida, 2001 yilning dekabr oyida Afg‘onistonning Juzjon viloyatidagi Dashti-Layli cho‘lida qirg‘in sodir bo‘lgan. Turli manbalarga ko‘ra, o‘sha payt Do‘stum qo‘mondonligi ostidagi kuchlar tomonidan asir tushgan minglab toliblar o‘ldirilgan. Ular havo o‘tkazmaydigan metall idishlarda o‘qqa tutilgan yoki bo‘g‘ib o‘ldirilgan. Bu bir guruh mahbuslar tomonidan ko‘tarilgan qo‘zg‘olondan keyin sodir bo‘lgan. Do‘stum ushbu hodisa uchun javobgarligini tan olmagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 avgustida “Tolibon” harakati Afg‘onistonda hokimiyat o‘rnatganidan so‘ng, Marshal Do‘stum mamlakatni tark etdi. Keyinchalik OAVda Do‘stum O‘zbekistonga qochib ketgani haqida xabarlar tarqalgan. Biroq, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu xabarlarni rad etdi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, marshal hozir Turkiyada.
Aytish joizki, so‘nggi bor, Balx viloyatining sobiq gubernatori Ato Muhammadiy Nurning o‘g‘li Do‘stum boshchiligida yangi front tuzilishini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi