Marokashda ham maymunchechakning birinchi holati aniqlandi
Olam
−
13 Sentabr
1290Kecha, 12 sentyabr kuni Marokashda maymunchechak (M-pox) kasalligining birinchi holati tasdiqlandi. Bu haqda “The North African Post” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, infeksiya tashxisi qo‘yilgan shaxsga Marrakeshdagi tibbiyot markazlaridan birida zarur yordam ko‘rsatilgan va u hozirda tibbiy nazorat ostida bo‘lib turibdi. Bemorning sog‘lig‘i barqaror deb baholanmoqda.
Qayd etilishicha, rasmiylar virus tarqalishining oldini olish uchun profilaktika choralarini ko‘ryapti. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa fuqarolardan qo‘llarini muntazam yuvish, kasallanganlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilmaslik va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishga chaqirmoqda.
Ma’lumot uchun, maymunchechak kam uchraydigan virusli kasallik bo‘lib, immuniteti zaif odamlar uchun xavfli hisoblanadi. Uning alomatlari isitma, intoksikatsiya, kengaygan limfa tugunlari va toshmalar tarqalishi bilan bilinadi. Yengil holatlarda kasallik o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi va 14 dan 21 kungacha davom etadi. 2024 yil boshidan 9 avgustgacha Afrikada maymunchechak bilan bog‘liq 17,5 mingdan ortiq holat qayd etilgan, ulardan 517 nafari o‘lim bilan yakunlangan.
Eslatib o‘tamiz, Yevropada kasallik faqat Shvetsiyada tasdiqlangan. Osiyo mamlakatlari orasida Pokiston, Filippin, Tailand va Hindiston virus aniqlangan mamlakatlar ro‘yxatidan joy olgan.
LiveBarchasi