Marokash Arab kubogini qo‘lga kiritdi
Sport
−
09:32 1446 1 daqiqa
Kecha, 18 dekabr kuni Qatarning “Lusail” stadionida Arab kubogi final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Marokash terma jamoasi Iordaniyani qo‘shimcha vaqtda 3:2 hisobida mag‘lub etib, musobaqa chempioniga aylandi.
Uchrashuvning to‘rtinchi daqiqasidayoq marokashliklar hisobni ochdi. Usama Tannanening maydon markazidan yo‘llagan ajoyib zarbasi Iordaniya darvozaboni Yazid Abulaylani ojiz qoldirdi.
Iordaniya terma jamoasi ikkinchi bo‘limda javob qaytardi. 48-daqiqada Ali Olvan boshi bilan gol urib, hisobni tenglashtirdi. Shundan so‘ng, 68-daqiqada belgilangan penaltini ham aynan Ali Olvan aniq amalga oshirib, iordaniyaliklarni oldinga olib chiqdi.
Biroq asosiy vaqt tugashiga uch daqiqa qolganida Abdurrazzoq Hamdalloh hisobni yana tenglashtirdi va o‘yin qo‘shimcha vaqtga ko‘chdi. Qo‘shimcha bo‘limlarda Hamdalloh yaqin masofadan yana bir gol urib, Marokashga g‘alaba keltirdi.
Yevropada to‘p surayotgan bir nechta yetakchi futbolchilarisiz harakat qilganiga qaramay, Marokash navbatdagi yirik muvaffaqiyatga erishdi.
Shuningdek, Marokash joriy yilning oktyabr oyida 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ham tarixiy yutuqni qo‘lga kiritgan edi. Finalda Argentinani 2:0 hisobida mag‘lub etib, mazkur yosh toifasida chempion bo‘lgan ilk arab davlati sifatida tarixga kirdi.
Endi Marokash 21 dekabrdan 18 yanvargacha bo‘lib o‘tadigan Afrika Millatlar Kubogiga mezbonlik qiladi.
Live
Barchasi