Ispaniyalik deputatlar mamlakatni JCH-2030 mezbonligidan voz kechishga chaqirmoqda
Sport
−
06 avgust 1251 2 daqiqa
Ispaniya hukmron koalitsiyasi tarkibidagi parlament a’zolari Seutadagi migrantlar inqirozi ortidan hukumatni 2030 yilgi Jahon chempionatini Marokash bilan hamkorlikda o‘tkazish rejasini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Bu haqda EFE agentligi xabar berdi.
2030 yilgi Jahon chempionati 6 ta mamlakatda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ochilish uchrashuvlari Urugvay, Paragvay va Argentinada bo‘lib o‘tsa, musobaqaning asosiy bosqichiga Ispaniya, Portugaliya va Marokash mezbonlik qilishi kutilmoqda.
EFE ma’lumotiga ko‘ra, tashabbus Ispaniya parlamenti quyi palatasi – Deputatlar kongressida Ispaniya Sotsialistik ishchilar partiyasi bilan hukumat koalitsiyasini tashkil etgan Sumar parlament guruhidan chiqqan.
Deputatlar hukumatni FIFA, Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi va Portugaliya hukumatini 2030 yilgi Jahon chempionatini hamkorlikda o‘tkazishning amaldagi modelini qayta ko‘rib chiqish va baholash zarurati haqida xabardor qilishga chaqirishdi. Shuningdek, ular Seuta chegarasida yuz bergan voqealarning turnir bilan bog‘liq inson huquqlari bo‘yicha majburiyatlarga ta’sirini baholashni so‘rashdi.
Agentlikning ta’kidlashicha, avvalroq portugaliyalik deputatlar ham shunga o‘xshash tashabbus bilan chiqqan va Marokashning 2030 yilgi Jahon chempionati mezbonlari qatorida bo‘lishiga qarshi chiqqan edi.
Ispaniya rasmiylarining ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning iyul oyi oxirida taxminan 72 ming nafar hujjatsiz migrant suzish orqali yoki Marokash bilan Seutani ajratib turuvchi chegara to‘sig‘ini aylanib o‘tib shaharga kirgan. Madrid hukumat xavfsizlikni ta’minlash maqsadida shaharga harbiy kuchlarni jalb qilishga qaror qildi.
Ispaniya hukumatining ma’lumotiga ko‘ra, Seutaga yetib kelishga urinishlar vaqtida kamida 75 kishi halok bo‘lgan. Rabot tomoni esa 11 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Shuningdek, taxminan 70 ming nafar migrant Marokash hududiga qaytarilgani bildirilmoqda.
Live
Barchasi