Shavkat Mirziyoyev propiska to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Tizim isloh qilinadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti "Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Bu haqda "Taraqqiyot strategiyasi" markazi xabar berdi.

Unga ko‘ra, "doimiy propiska qilish" va "turgan joyi bo‘yicha hisobga olish" tushunchalari "doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish" hamda "vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish" tushunchalariga o‘zgartirilmoqda. Shu bilan birga, fuqarolarga birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarini o‘zi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatda bo‘lgan manzil bilan bir qatorda, egaligida bo‘lgan uy-joy maydoniga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish imkoniyati yaratilmoqda.

Farmonga muvofiq, doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish uchun er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti hamda bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi yo‘qotilishi to‘g‘risidagi qoida olib tashlanmoqda. O‘z navbatida, oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslar ularning tutingan ota-onasining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi, ilgari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan fuqarolar doimiy yashash uchun tegishincha qaytib kelganida, ular hech qanday to‘siqlarsiz doimiy yashash joyi bo‘yicha qayta ro‘yxatga olinadi.

Tegishli lavozimlarga saylangan, tayinlangan, tasdiqlangan fuqarolar hamda respublika darajasidagi boshqa davlat tashkilotlariga ishga taklif etilgan mutaxassislar uchun lavozimni egallab turish davriga beriladigan doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinish huquqiga bo‘lgan cheklov olib tashlanadi. Respublikaning boshqa hududlarida ro‘yxatda turgan fuqarolar Toshkent shahri va viloyatidagi yangi qurilgan uylarni sotib olib, uch yil ichida sotgan holatlarda davlat bojining alohida stavkalarini qo‘llash amaliyoti ham bekor qilinmoqda.

Eng katta o‘zgarishlardan biri, 1 apreldan boshlab Toshkent shahri va viloyatida ko‘chmas mulkka ega bo‘lishda O‘zbekiston fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish talab etilmaydi. Shu bilan bir qatorda, mamlakati fuqarolarini doimiy yashash va vaqtincha turar joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish bilan bog‘liq ishlar kelgusida idoralararo elektron hamkorlik orqali "yagona darcha" tamoyili asosida Ichki ishlar vazirligining "Manzil" avtomatlashtirilgan axborot tizimi vositasida amalga oshirilishi nazarda tutilayotgani ortiqcha ovoragarchiliklar va byurokratiyaga chek qo‘yadi.

Shuningdek, farmon bilan doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibini buzganlik holati fuqarolarni tegishli hudud va manzildan chiqarib yuborish uchun asos bo‘lmasligi, ularning doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasdan istiqomat qilish muddati 15 kunga uzaytirilgani, ro‘yxatga olishni rasmiylashtirish bir kun ichida amalga oshirilishi, mamlakat fuqarolarini doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda avvalgi doimiy yashash joyidan ro‘yxatdan chiqish tartibi bekor qilinishi belgilanmoqda.

Farmonda Hukumat zimmasiga bir hafta muddatda "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risida"gi Nizomni tasdiqlash vazifasi yuklatildi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida amalda bo‘lgan propiska tizimini tanqid qilgan va bu holat ishchi kuchining harakatlanishiga halaqit berayotganini ta’kidlab o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

propiska

Baholaganlar

153

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing