Marko Rubio Markaziy Osiyoga kelishini aytdi
Olam
−
10:14 1005 2 daqiqa
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio 2026 yil oxirida Markaziy Osiyo mamlakatlariga tashrif buyurishini ma’lum qildi.
AQSH Kongressi Vakillar palatasining Tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasidagi tinglovlarda Rubio Prezident Donald Tramp ma’muriyati AQSHning Markaziy Osiyo respublikalari bilan savdosidagi cheklovchi hisoblangan Jekson–Venik tuzatishini Amerika qonunchilik organi tomonidan bekor qilinishi tarafdori ekanini tasdiqladi.
“Biz buni foydali deb hisoblaymiz. Biz mintaqada C5+1 (AQSH va Markaziy Osiyoning besh davlati) formatida uchrashuv o‘tkazmoqchimiz va men joriy yil oxirida u yerga boraman”, deydi AQSH tashqi siyosat idorasi rahbari.
C5+1 — bu AQSHning Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan birgalikdagi hamkorlik mexanizmi. Vashington undan taxminan 2015 yildan beri foydalanib keladi.
Jekson–Venik tuzatishi nima?
Ma’lumot uchun, Jekson–Venik tuzatishi (Jackson–Vanik amendment) – 1974 yilda AQSHning savdo to‘g‘risidagi qonuniga kiritilgan tarixiy va siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan cheklovchi qoidadir. Ushbu hujjat sovuq urush davrida vujudga kelgan bo‘lib, xalqaro savdo va inson huquqlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni belgilab bergan eng mashhur sanksiyalardan biri hisoblanadi.
Bu qonun fuqarolarining mamlakatdan chiqib ketishini (emigratsiyani) taqiqlovchi yoki keskin cheklovchi davlatlarga nisbatan AQSH tomonidan eng qulay savdo tartibi (savdo imtiyozlari) berilishini va davlat kreditlari ajratilishini taqiqlagan. Agar davlat o‘z fuqarolarining xorijga erkin chiqib ketishiga ruxsat bersagina, bu cheklovlar olib tashlanishi mumkin edi.
Qonun, birinchi navbatda, sobiq SSSRga qarshi yo‘naltirilgan. 1970-yillarning boshida Sovet Ittifoqi mamlakatni tark etmoqchi bo‘lgan (asosan Isroilga ko‘chib ketmoqchi bo‘lgan yahudiy) ziyolilar va mutaxassislardan ularning oliy ta’lim olgani uchun “kompensatsiya” (davlat sarflagan mablag‘ni qaytarish) talab qila boshlagan. Bu amalda mamlakatdan chiqib ketishni taqiqlash bilan teng edi.
AQSH Prezidenti har yili ushbu cheklovni ma’lum bir davlat uchun vaqtincha to‘xtatib turish (moriy huquqidan foydalanish) vakolatiga ega edi, agar o‘sha davlatda emigratsiya masalasida ijobiy siljish kuzatilsa. Masalan, SSSR parchalanganidan keyin Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) davlatlari, jumladan, O‘zbekiston uchun ham bu cheklov har yili prezident farmoni bilan vaqtincha to‘xtatib kelingan.
Live
Barchasi