Lavrov Rubio bilan uchrashib, Ukraina masalasini gaplashdi

Olam

image

Bugun, 23 iyul kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan Maniladagi ASEAN yig‘ilishi doirasida o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng Vashington Ukrainadagi urushni tugatishga ko‘maklashish uchun “konstruktiv rol” o‘ynashga tayyorligicha qolayotganini bildirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Rubioning aytishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp imkoniyat paydo bo‘lsa, Vashington “ma’nosiz urush”ni tugatishga ko‘maklashishga tayyorligini aniq bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH bu pozitsiyani Moskvaga ham yetkazgan, ammo muzokaralar chog‘ida Rossiyaning pozitsiyasiga baho berishdan tiyilgan.

“Yaxshi va ochiq muloqot bo‘ldi”, degan Rubio Lavrov bilan uchrashuv haqida.

Shu bilan birga, u muhokama qilingan masalalar tafsilotlarini ochiqlashdan bosh tortgan.

“Prezident aniq aytganidek, Qo‘shma Shtatlar ma’nosiz urushni tugatishga yordam berish uchun konstruktiv rol o‘ynashga tayyor va biz bunga tayyormiz”, degan Rubio.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, Lavrov Rossiyaning mojaroni siyosiy va diplomatik yo‘l bilan hal qilishga tayyorligini yana bir bor tasdiqlagan. Shuningdek, u Moskva 2025 yil avgust oyida Alyaskada Prezidentlar Donald Tramp va Vladimir Putin uchrashuvida ilgari surilgan takliflarga sodiq qolishini Rubioga ma’lum qilgan.

Rubio urush katta yo‘qotishlarga sabab bo‘lganini, jumladan, tinch aholi qurbonlari va Rossiyaning Kiyevga zarbalariga ishora qilgan. Uning bildirishicha, Rossiya ham, Ukraina ham urushni tugatishdan manfaatdor, ammo asosiy muammo har ikki tomon qabul qila oladigan yechimni topish bo‘lib qolmoqda.

“Bu juda qonli urush, deb o‘ylayman. Menimcha, har ikki tomonda ham uni tugatish uchun manfaat bo‘lishi kerak. Muammo shundaki, har ikki tomon qabul qila oladigan yechimni topish oson emas. Biz bunga urinib kelyapmiz va o‘rta yo‘lni topishga urinishda davom etamiz”, degan AQSH Davlat kotibi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 may kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio telefon orqali suxbatlashib, Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing