Markaziy Osiyodagi iflos havo ko‘rsatkichi JSST me’yorlaridan ancha yuqori – hisobot

Bu qiziq

image

2024 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasidagi yirik shaharlarda PM2.5 darajasi JSST tavsiyalaridan ancha yuqori. Bu haqda Shveysariyaning IQAir kompaniyasi tomonidan tayyorlangan hisobotda so‘z boradi.

Hisobot global havoning holati bo‘yicha tashvishli manzarani aks ettiradi: dunyo bo‘ylab atigi 17 foiz shaharlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) havo sifati bo‘yicha tavsiyalariga javob beradi.

Hisobotda dunyoning aksariyat mamlakatlari va hududlarida mayda dispers zarrachalar – PM2.5 ning xavfsiz darajadan oshib ketgani ta’kidlanadi. Ushbu moddalar sog‘liq uchun jiddiy muammolarga sabab bo‘luvchi asosiy ifloslantiruvchi hisoblanadi.

Havoning ifloslanishi bo‘yicha yetakchi davlatlar quyidagilar bo‘ldi:

  • Chad – PM2.5 darajasi 91,8 mikrogram/m³. Bu JSST tavsiyalaridan 18 baravar yuqori.
  • Bangladesh – 78 mikrogram/m³;
  • Pokiston – 73,7 mikrogram/m³;
  • Kongo Demokratik Respublikasi – 58,2 mikrogram/m³;
  • Hindiston – 50,6 mikrogram/m³.

Ushbu davlatlarda PM2.5 miqdori JSST tavsiyalaridan 10 baravar yuqori. Umuman olganda, hisobotda qamrab olingan 138 ta mamlakat va hududning 126 tasida (ya’ni 91,3 foiz) PM2.5 miqdori JSST tomonidan tavsiya etilgan 5 mikrogram/m³ chegarasidan yuqori bo‘lib chiqqan.

Shuningdek, 2024-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasidagi yirik shaharlarda ham PM2.5 darajasi JSST tavsiyalaridan ancha yuqori:

  • Dushanbe – 46,3 mikrogram/m³;
  • Toshkent – 31,4 mikrogram/m³;
  • Bishkek – 21,2 mikrogram/m³;
  • O‘sh – 20,5 mikrogram/m³;
  • Olmaota – 20,3 mikrogram/m³;
  • Ostona – 15,4 mikrogram/m³.

Hatto nisbatan pastroq ko‘rsatkichga ega bo‘lgan Ostonada ham PM2.5 miqdori JSST tavsiyalaridan uch baravar yuqori ekani qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi elchixonalardagi havo sifati monitoringi dasturi orqali yig‘ilgan ma’lumotlarni “AirNow” ilovasi va boshqa platformalar orqali tarqatishni to‘xtatgan edi. Ushbu dastur butun dunyo bo‘ylab mahalliy aholi va tadqiqotchilarga turli shaharlardagi havo sifatini tahlil qilish va taqqoslash imkonini berardi. Rasmiy bayonotga ko‘ra, global havo sifati monitoringi dasturining to‘xtatilishi moliyaviy cheklovlar bilan bog‘liq va shu sababli Davlat departamenti monitoring tarmog‘ini yopishga majbur bo‘lgan. Biroq elchixonalar va konsulliklarga ichki monitoringni davom ettirish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan va kelajakda mablag‘ tiklansa, ma’lumotlar almashinuvi qayta tiklanishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy Osiyo iflos havo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing